Maqola

1 267 08/07/2025

Rossiya prezidenti Vladimir Putin xorijliklarga, shu jumladan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma tuzishga rasman ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Ushbu hujjat normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, xorij fuqarolari Rossiya Qurolli kuchlari, shuningdek, boshqa harbiy tuzilmalar bilan shartnoma imzolashi mumkin. Ushbu shartnomalar safarbarlik tugaguniga qadar, harbiy holat bekor qilinguncha yoki urush davri tugaguniga qadar amal qiladi.

Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, bir kishi ehtimol yillar davomida, harbiy vaziyat davom etar ekan, uzoq muddatli xizmatga tortilishi mumkin.

Ushbu o‘zgarishlar bir vaqtning o‘zida «Harbiy burch va harbiy xizmat to‘g‘risida», «Mudofaa to‘g‘risida» va «Harbiy xizmatchilarning maqomi to‘g‘risida»gi Rossiya qonunlariga kiritilgan.
Harbiy harakatlarda ishtirok etish nafaqat salomatlik, balki hayot uchun ham xavfli bo‘ladi. Aksariyat muhojirlar, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlaridan, armiya bilan tuzilgan shartnoma tezda fuqarolikni olish yoki pul topish yo‘li, deb o‘ylaydi. Ammo buning ortida ko‘pincha jiddiy xavflar mavjud.

Masalan, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa mintaqa davlatlarining qonunlariga ko‘ra, o‘z fuqarolarining boshqa davlatlar hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishi yollanma askarlik, deb hisoblanadi va bu jinoyat uchun bir necha yilgacha qamoqqa tushish mumkin. Markaziy Osiyo fuqarolari urush bo‘lgan hududdan qaytgach, o‘z vatanlarida hibsga olinib, sudlanganlik holatlari ko‘plab uchrab turibdi.

Bundan tashqari, ko‘plab muhojirlar olgan jarohati tufayli sog‘lig‘ini, ba’zan hayotini yo‘qotadi. Omon qolganlar har doim ham va’da qilingan pul yoki fuqarolikni ololmaydi va ko‘pincha yordamsiz qoladilar.

Migrantlar uchun maslahat: harbiy shartnomalar tuzmang va qurolli mojarolarda qatnashmang. Bu sizning hayotingiz, erkinligingiz va kelajagingizga qimmatga tushishi mumkin. Chet elda ishlash va yashashning qonuniy va xavfsiz usullarini izlash yaxshiroqdir.

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya