
Prezident Vladimir Putin Rossiyada mehnat muhojirlari uchun patent tizimini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish kerakligini aytdi. Bu haqda u Davlat Dumasidagi parlament fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida aytib o‘tdi.
«Migrantlar uchun patent tizimini bekor qilish haqida o‘ylab ko‘rish kerak. U keng qo‘llaniladi. Men hech narsani istisno qilmayman», – degan Putin.
Rossiya rahbari, shuningdek, migratsiya rossiyaliklar uchun nozik soha ekanini aytdi. «Bu fuqarolar uchun juda nozik soha va federal hamda mahalliy darajadagi hokimiyatlar muammo yo‘q deb ko‘rsatmasliklari kerak. Bu muammolar mavjud va ularni hal qilish kerak, ammo ular doimiy nazorat qilinmas ekan, ularni hal qilib bo‘lmaydi», dedi u.
Rossiyada vizasiz mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlari uchun patent tizimi mavjud. Bu kirishdan keyin 30 kun ichida olinishi kerak bo‘lgan ishlash uchun ruxsatnoma. Chet el fuqarosi patent olish uchun yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, rus tili, tarixi va qonunchiligini bilishini tasdiqlashi, Ichki ishlar vazirligiga hujjatlar to‘plamini taqdim etishi va davlat bojini to‘lashi kerak.
Patentning haqiqiy bo‘lishining asosiy sharti – har oyda shaxsiy daromad solig‘i bo‘yicha qat’iy belgilangan avans to‘lovi bo‘lib, uning miqdori mintaqaga qarab o‘zgaradi. Moskvada, 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, ish patenti uchun shaxsiy daromad solig‘ining belgilangan avans to‘lovi oyiga 8900 rublni tashkil qiladi. Patent bir oydan bir yilgacha muddatga beriladi va faqat hujjatda ko‘rsatilgan muayyan hudud va faoliyat sohasida amal qiladi.
Iyul oyida Rossiyada patent yoki propiska olmoqchi bo‘lgan muhojirlar uchun rus tili imtihonlarida tinglash va gapirish topshiriqlari qiyinlashtirildi.
Imtihondagi tinglash topshiriqlari soni ikkitadan to‘rttaga oshirildi. Bundan tashqari, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish uchun Tinglash bo‘limi uchun majburiy ballarni belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
May oyida hukumat Davlat Dumasiga kvotalar bo‘yicha ishlash uchun ruxsatnoma olgan xorijliklarni rus tili, rus tarixi va qonunchilik asoslarini bilish bo‘yicha imtihon topshirishdan ozod qilishni taklif qilgan qonun loyihasini kiritgan edi. Iyul oyida Federatsiya Kengashi qonunni ma’qulladi.