
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin chet el fuqarolariga mamlakatdan chiqarib yuborishga sabab boʻladigan qoidabuzarliklar roʻyxatini kengaytiruvchi qonunni imzoladi. Endilikda Ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksning (KoAP) mamlakatdan chiqarib yuborish imkoniyati boʻlgan moddalari soni ikki baravardan koʻproqqa — 22 tadan 45 tagacha koʻpayadi. Ilgari ushbu qoidabuzarliklar uchun faqat jarima yoki qamoq bilan jazolanar edi, endi esa chet elliklar Rossiyadan chiqarib yuboriladi.
Endi odamlarni jinsi, irqi, millati, tili yoki diniga qarab kamsitganlik uchun Rossiyada boʻlish huquqidan mahrum boʻlish mumkin. Shuningdek, politsiya xodimlari, harbiy xizmatchilar, FSB, Rosgvardiya va boshqa kuch tuzilmalari vakillarining qonuniy talablariga boʻysunmaganlik uchun ham mamlakatdan chiqarib yuborish xavf soladi. Mayda bezorilik, mitinglar oʻtkazish qoidalarini buzish, yoʻllarni yoki boshqa transport ob’ektlarini toʻsib qoʻyish, belgilanmagan joylarda oʻq otish, shuningdek, jamoat joylarida giyohvand moddalarni iste’mol qilganlik uchun mamlakatdan chiqarib yuborishlari mumkin. Bundan tashqari, ekstremistik materiallarni tarqatish, taqiqlangan ramzlarni namoyish etish, Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzishga chaqiriqlar va istalmagan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish ham mamlakatdan chiqarib yuborish uchun asos boʻladi.
Alohida oʻzgarishlar migratsiya qoidalarining oʻziga ham taalluqli boʻldi. Qonun Rossiyada boʻlish rejimini buzganlik, noqonuniy mehnat faoliyati va roʻyxatdan oʻtishda soxta ma’lumotlar taqdim etganlik uchun jarimalarni oshiradi. Chet elliklar uchun mamlakatga kirish va unda boʻlish qoidalarini buzganlik uchun eng kam jarima ikki mingdan toʻrt ming rublgacha oshadi. Qayta qoidabuzarliklar uchun ushbu summa yetti mingdan toʻqqiz ming rublgachani tashkil etadi.
Shuningdek, yangi normalar mamlakatdan chiqarib yuborishni faqat jarima bilan almashtirish imkoniyatini cheklaydi. Qaror qabul qilishda sudlar ba’zi shaxsiy holatlarni, jumladan, chet ellikning oilaviy ahvoli va uning Rossiyada qancha vaqtdan beri yashab kelayotganini hisobga ololmaydi. Ushbu qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin 90 kun oʻtgach kuchga kiradi.
Bundan tashqari, migrantlarning voyaga yetgan farzandlarining Rossiyadan chiqib ketish qoidalarini belgilovchi qonun amal qila boshladi. 18 yoshga toʻlgandan keyin, chet elliklar qonunda nazarda tutilgan ayrim holatlardan tashqari, 30 kun ichida mamlakatni tark etishlari kerak boʻladi.