2025-yilning 1-yanvaridan boshlab Rossiya hududida noqonuniy yurgan ayrim muhojirlar patent olishlari mumkin. Bu haqida 2024-yilning 31-dekabr kuni Rossiya prezidentining 1126-raqamli farmoni e’lon qilindi. Farmonning tafsilotlari haqida ushbu materialda so‘z boradi.
Kimlarga patent beriladi?
Vladimir Putinning farmoniga ko‘ra noqonuniy yurgani uchun Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketishi kerak bo‘lgan muhojirlar 1-yanvardan 30-aprelgacha huquqiy maqomlarini tiklashlari mumkin. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, huquqiy maqomini tiklashni xohlagan va patent olmoqchi bo‘lgan muhojirlar:
1. Biometrik ma’lumotlarini topshirishlari kerak (farmonning “a” bandi)
2. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari kerak (farmonning “b” bandi)
3. Rus tili imtihonidan o‘tishlari kerak (farmonning “v” bandi)
4. Rossiya davlati oldidagi moliyaviy qarzdorliklarini to‘lashlari kerak (farmonning “g” bandi)
5. Huquqiy maqomini tiklamoqchi bo‘lgan muhojirlar bir yildan kam bo‘lgan muddat ichida patent, “РВП”, “ВНЖ” rasmiylashtirishda rad javobini olmagan va oxirgi bir yil ichida olingan patentlari, “РВП”, “ВНЖ”lari kuymagan bo‘lishi kerak (farmonning “d” bandi)
Qayerga murojaat qilish kerak?
Farmonga ko‘ra, huquqiy maqomini tiklamoqchi bo‘lgan muhojirlar hujjatlarni rasmiylashtirish uchun mintaqaviy “паспортно-визовый сервис” yoki “ММЦ” (Saxarovo) tashkilotlariga murojaat qilishlari kerak.
Migrant.uz “ПВС” xodimlari bilan suhbatda ushbu farmon bo‘yicha patent rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan muhojirlar “регистрация” qilmay, to‘g‘ri “ПВС” yoki “MMЦ”larga murojaat qilishlari kerakligini aniqladi.
Shuning uchun, agar ayni vaqtda Rossiyada noqonuniy yurib, endi hujjat rasmiylashtirish imkoniyatidan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, migrasion karta va pasportingizni olib, to‘g‘ri “MMЦ” yoki “ПВС”ga borishingiz kerak. U yerda farmon bo‘yicha patent rasmiylashtirmoqchi ekaningizni aytib, yuqorida sanalgan barcha tekshiruvlardan o‘tasiz. Shundan so‘ng 10 kun o‘tib, sizga patent rasmiylashtirib berishadi. Farmondan foydalanib, “РВП”, “ВНЖ” qilmoqchi bo‘lganlar ham xuddi shu tarzda to‘g‘ri “ПВС” yoki “ММЦ”ga murojaat qiladi.
Patent rasmiylashtirilganidan keyin ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzib, mehnat shartnomasi va patent asosida migratsiya qaydi, ya’ni registratsiya rasmiylashtiriladi.
Farmon bo‘yicha patent va boshqa hujjatlarni qilib berishda “registratsiya” talab etilmaydi.
Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armanistonning Rossiyada noqonuniy yurgan fuqarolari ushbu farmon bo‘yicha biometrik ma’lumotlar, tibbiy ko‘rikdan o‘tib, keyin mehnat shartnomasini tuzishlari kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng mehnat shartnomasi asosida Ichki ishlar vazirligi(“МВД”)ning Migratsiya bo‘limida “registratsiya”ni bir yilga uzaytirishlari kerak bo‘ladi.
Agar “миграционная карта” yo‘qolgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda uning dublikati OВМ OMВДdan olinadi. Huquqshunoslar dublikatni oxirgi “registratsiya” qilingan manzilga qarashli “МВД”ning Migratsiya bo‘limidan tiklashni tavsiya etadi.
Kimlarga farmon bo‘yicha hujjat berilmaydi?
Rossiyaga kelish uchun taqiq olgan muhojirlarga ushbu farmon asosida patent yoki boshqa hujjat berilmaydi. Shuningdek, Rossiyaning konstitutsiyaviy tizimiga tajovuz, xavfsizlikka tahdid, terroristik va ekstremistik faoliyatlarda ishtirok etgan muhojirlarga ham hujjat rasmiylashtirilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, farmonda hujjat rasmiylashtirish maqsadida murojaat qilgan muhojirlar Rossiyadan majburiy chiqarib yuborish (выдворение) va boshqa javobgarliklar bo‘yicha tekshirilishi ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Qolaversa, Putinning farmonida Rossiya qurolli kuchlari bilan harbiy shartnoma imzolagan xorij fuqarolari deportatsiya, nomaqbullik, Rossiyaga kelish uchun taqiq va boshqa cheklovlardan ozod bo‘lishi belgilangan. Biroq, xorijda harbiy harakatlarda ishtirok etganlik uchun vataningizda javobgarlik borligini esda tutish lozim.
30-aprelgacha patent olish uchun murojaat qilmagan muhojirlar Rossiyadan chiqib ketishlari kerak bo‘ladi. O‘zbekiston va boshqa davlatlarning konsulliklari qoshida fuqarolarga Putinning ushbu farmoni bo‘yicha huquqiy holatni tiklash bilan yordam berilishi e’lon qilinganini ta’kidlaymiz. Xususan, O‘zbekistonning Migratsiya agentligi o‘z vakolatxonalarida huquqiy holatini tiklamoqchi bo‘lgan muhojir fuqarolarga yordam berilishi e’lon qilindi.