
Rossiya prezidenti Vladimir Putin rasmiy tashrif bilan Tojikistonga keldi. Ko‘pchilik mehnat muhojirlari masalasi uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘lishini kutgan bo‘lsa-da, u qisman muhokama qilindi. Shunga qaramay, tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi migratsiya bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan uchta muhim shartnomani imzoladilar.
Bitimlardan biri Migratsiya vazirligi Rossiyaning Dushanbeda va Tojikistonning Moskvada vakolatxonalarini ochishni nazarda tutadi. Bu idoralar ishga ketayotgan fuqarolar to‘g‘risida ma’lumot almashadi, shuningdek, sudlanganlik holati va qidiruvga berilganlarni tekshiradi.
Yana bir kelishuv tibbiy ko‘riklarga tegishli. Endi tojikistonlik muhojirlar Rossiyaga borishdan oldin o‘z vatanlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Bu vaqtni tejaydi va kelgandan keyin takroriy tekshiruvlar talab qilinmaydi. Tibbiy ko‘riklar Dushanbedagi maxsus markazlarda o‘tkaziladi.
Barmoq izlarini olish va fotosuratga tushirishni Tojikistonda o‘tkazish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Bu mahalliy vakolatxonada joylashgan Rossiya IIV xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Tojikiston tomoni Rossiyaga ketayotgan barcha fuqarolarning sudlanganlik va boshqa cheklovlar mavjudligini tekshirishni boshlaydi.
“Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan keyin Rossiya muhojirlar ustidan nazoratni kuchaytirdi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Tojikistondan keladigan migrantlar soni taxminan 16 foizga kamaygan. Hozirda mamlakatda nazorat ostidagi shaxslar reyestri mavjud bo‘lib, ro‘yxatga olish tizimini yanada shaffof qilish maqsadida migrantlar uchun mobil ilova ishlab chiqilmoqda.
Yangi kelishuvlarga ko‘ra, Rossiyaga borayotgan tojikistonliklar hujjatlarni oldindan to‘ldirishlari kerak bo‘ladi. Qonuniy ravishda ishlaydigan va barcha tekshiruvlardan o‘z vaqtida o‘tganlar chegarada muammolarga duch kelmaydi va ruxsatnoma olishda vaqtini tejaydi.