Maqola

483 05/04/2026

Samarqand viloyati Jomboy tumanida ko‘rilgan bir jinoyat ishi orqali zamonaviy migratsiya, pul topish ilinji va o‘ylanmay qilingan qarorlar qanday oqibatlarga olib kelishi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Sud hukmi bilan Murodjon (ismi o‘zgartirilgan) aybli deb topildi.

Endigina yigirmaga to‘lgan yigit 2022-yil bahorida Rossiyaga ish izlab yo‘l olgan. Sankt-Peterburgda oddiy ofitsiant bo‘lib ish boshlagan bu yigitning hayoti kutilmagan burilish oldi: Moskvada tanishi bilan birga ketar ekan, politsiya tomonidan to‘xtatilib, mashinadan giyohvandlik vositasi topilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu modda ularga tegishli bo‘lmasa-da, bosim va aldovlar ta’sirida aybni tan olishga majbur bo‘lgan.

Shu tariqa u 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi va jazoni Chelyabinsk viloyatidagi qattiq tartibli koloniyada o‘tay boshladi.
Qamoqxona — inson taqdirini sinaydigan, ba’zilarni sindiradigan joy. Shu yerda u yana bir og‘ir tanlov oldida qoldi. 2025-yilda Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari unga taklif bilan chiqadi: agar u Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashsa, jazodan ozod qilinishi, 1 million 600 ming rubl pul va hatto fuqarolik berilishi va’da qilindi. Murodjonga bu o‘ta oson va foydali taklif bo‘lib tuyuldi.

Shartnomani imzolagach Donetskdagi harbiy qismda o‘qchi sifatida harbiy faoliyatini boshladi. Jang maydonidagi voqealar esa kino emas — bu yerda har bir qadam hayot va o‘lim orasida. Bir topshiriq vaqtida uning ko‘z o‘ngida sheriklaridan biri halok bo‘ladi, yana biri yaralanadi. Keyin esa uning o‘zi sherigi bilan birga portlashdan jarohat oladi. Uning o‘ng oyog‘iga og‘ir shikast yetgan.

Bu holatdan keyin u frontdan qochish yo‘llarini izlay boshlaydi. Tanishlari orqali bunday holatlar borligini bilib, imkoniyat topib, harbiy qismdan qochadi. Ming azoblar bilan Donetskdan Rostovga, u yerdan Moskvaga yetib oladi. Keyin esa akasi yordamida O‘zbekistonga qaytib keladi.

Sudda u o‘z qilmishini tan oldi va pushaymon ekanini bildirdi. Uning avval sudlanmagani, aybini tan olgani yengillashtiruvchi holat sifatida baholandi.

Sud Murodjonga 4 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. U jazoni uyida o‘taydi, Samarqand viloyatidan chiqmasligi va ichki ishlar organlari nazoratida bo‘lishi shart.

 

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya