Maqola

1 037 28/01/2026

Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan 26 yoshli A.A. ham ko‘pchilik yollanma askarlar kabi Rossiyada jazo o‘tab yurgan paytida Ukrainadagi urushga jalb qilingan.

U 2019-yilda ishlash uchun Moskvaga ketgan. Moskvada u o‘zini “Masha” deb tanishtirgan o‘zbekistonlik ayol bilan tanishgan. Ayol unga oson va xavfsiz ish taklif qilib, oyiga 30–40 ming rubl to‘lanishini aytgan. U bu taklifga rozi bo‘lgan va Kolomna shahriga yuborilgan.

U yerda uni Husniddin ismli shaxs kutib olib, syellofan paket bergan va boshqa joyga olib borishni aytgan. Yo‘lda uni uch kishi ushlab, politsiyaga topshirgan. Paket tekshirilganda ichida taqiqlangan giyohvand modda borligi aniqlangan.

2022-yil yanvar oyida Kolomna shahrida bo‘lib o‘tgan sudda A.A. aybdor deb topildi va 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud materiallarida ko‘rsatilishicha, 2025-yil sentyabr oyida qamoqxonadagi tezkor bo‘lim xodimlari unga shartnoma asosida Rossiya Qurolli kuchlari safiga qo‘shilib, Ukrainadagi urushda ishtirok etishni taklif qilgan. Avvaliga u rad etgan, ammo bosim kuchaygan. Uning aytishicha, hujjatlarga izolyatorga oid qog‘ozlar deb imzo qo‘ydirilgan, amalda esa harbiy shartnoma rasmiylashtirilgan.

2025-yil 26-sentyabr kuni u yana 50 dan ortiq mahkum bilan birga samolyotda Donetskka olib ketilgan. U yerda Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismga joylashtirilib, taxminan ikki hafta harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Unga avtomat biriktirilgan va «pozivnoy» – laqab berilgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, uning nomiga 2 million rubl pul o‘tkazilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u asosan front chizig‘iga yaqin hududlarga suv va oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullangan. 2025-yil oktyabr oyida navbatdagi chiqishlardan birida u mingan mototsikl minaga tushib, oyog‘idan jarohat olgan. Shundan keyin u sherigi bilan Donetsk shahriga yo‘l olgan va u yerdan vositachilar orqali katta pul evaziga Moskvaga chiqib ketgan.

Moskvaga yetgach, u O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. Unga zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, 2025-yil noyabr oyida O‘zbekistonga qaytarildi. Sud-tibbiy ekspertiza uning oyog‘ida portlashdan hosil bo‘lgan jarohat borligini tasdiqlagan.

O‘zbekistonga qaytgach, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanma tarzda harbiy harakatlarda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud uning aybiga iqrorligi va pushaymonligini inobatga olib, qamoq jazosi o‘rniga 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. U jazoni uyida o‘taydi, ruxsatsiz yashash joyini tark etishi mumkin emas.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, A.A. Rossiya fuqarosi bo‘lmagan, doimiy yashash huquqiga ega bo‘lmagan va hech bir davlat tomonidan rasmiy harbiy xizmatchi sifatida yuborilmagan. Shunga qaramay, u moddiy manfaat evaziga urush hududida bo‘lgani uchun javobgarlikka tortilgan.

 

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya