769 11/10/2026

Rossiyada 10 yil 10 oylik qamoq jazosini olgan Özbekiston fuqarosi qamoqdan muddatidan oldin çiqiş, Rossiya fuqaroligini oliş va pul işlaş umidida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan şartnoma tuzib, Ukrainadagi uruş hududiga yuborilgan.

Sud hujjatlariga köra, 30 yoşli A.X. Qaşqadaryo viloyatida tuğilgan. U oilali, ikki nafar farzandi bor. Rossiyaga 2024-yil mart oyida işlaş uçun borgan. Moskva viloyatida “dostavka” xizmatida işlagan, skuterda buyurtmalarni mijozlarga yetkazib bergan.

Biroq Rossiyada işlayotganiga hali bir oy ham bölmaganida uni politsiya töxtatgan.

Sud hujjatida keltirilişiça, 2024-yil 1-aprel kuni A.X. navbatdagi buyurtmani yetkazib borayotgan vaqtida politsiya xodimlari uni töxtatib, buyurtmani tekşirgan. Uning aytişiça, buyurtma içida şokoladlar orasiga yaşirilgan giyohvandlik moddalari bölgan va u bu haqda bilmagan.

Hujjatda politsiya undan 96 gramm geroin va 76 gramm psixotrop modda topgani qayd etilgan.

Şundan keyin unga nisbatan jinoyat işi qözğatilib, 2024-yil 15-noyabr kuni Rossiyadagi sud uni 10 yil 10 oyga ozodlikdan mahrum qilgan.

A.X. jazoni Rossiyadagi qamoqxonada ötay boşlagan. Ammo keyin uning hayotida yana bir keskin özgariş yuz bergan.

Qamoqda unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat şartnomasini tuziş taklif qilingan.

A.X. sudda bergan körsatuvida qamoqxona xodimlari unga Rossiya–Ukraina uruşida qatnaşiş uçun şartnoma tuzişni taklif qilganini aytgan. Uning taʼkidlaşiça, unga bosim ham ötkazilgan.

Biroq sud hujjatida uning şartnoma tuzişiga taʼsir qilgan boşqa omillar ham körsatilgan. Jumladan, unga qamoqdan muddatidan oldin ozod böliş, Rossiya fuqaroligini oliş, 400 ming rubl bir martalik tölov va har oy 210 ming rubl maoş oliş imkoniyati aytilgan.

A.X. oxir-oqibat şartnoma tuzişga rozi bölgan.

2025-yil 18-iyul kuni u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik harbiy xizmat şartnomasini imzolagan. Şundan keyin qamoqdan muddatidan oldin ozod qilingan.

Şundan söng A.X. Rossiyaning Ukrainaga qarşi uruşida qatnaşiş uçun Lugansk hududiga yuborilgan.

Sud hujjatidagi maʼlumotlarga köra, u yerda Rossiya Mudofaa vazirligiga qaraşli harbiy qismda olti kun harbiy tayyorgarlikdan ötgan.

Ammo u jang maydoniga kirişga ulgurmagan.

Tayyorgarlik vaqtida A.X. mototsikldan yiqilib, jarohat olgan. Sud-tibbiy ekspertizasiga köra, uning öng ömrov suyagi singan.

Şundan keyin u Volgograd şahridagi harbiy gospitalga olib borilgan va taxminan 20 kun davolangan.

A.X. suddagi körsatuvida 2025-yil 22-avgust kuni harbiy qismdan qoçib ketganini aytgan. Ertasiga, 23-avgust kuni esa Özbekistonga qaytib kelgan.

U Özbekistonga kelgaç, huquqni muhofaza qiluvçi organlarga murojaat qilgan va bölib ötgan voqealar haqida maʼlumot bergan.

A.X. sudda jangovar harakatlarda iştirok etmaganini aytgan.

Sud esa uning Rossiya armiyasiga borişiga bir neçta omil taʼsir qilganini hisobga olgan. Jumladan, qamoqdan ertaroq çiqiş, Rossiya fuqaroligini oliş va pul işlaş imkoniyati uning qaror qabul qilişida muhim ahamiyat kasb etgani qayd etilgan.

Sud A.X.ning aybini tan olgani, qilmişidan puşaymon bölgani, Özbekistonga qaytib kelgani, huquqni muhofaza qiluvçi organlarga murojaat qilgani, ikki nafar farzandi borligi va oilaviy şaroiti oğirligini inobatga olgan.

Natijada unga nisbatan Özbekiston Jinoyat kodeksining tegişli moddalari asosida 4 yil muddatga ozodlikni çeklaş jazosi tayinlandi.

Unga yaşaş joyini özboşimçalik bilan özgartirmaslik, sud nazorat qiluvçi organining roziligisiz Qaşqadaryo viloyatidan çiqmaslik kabi çeklovlar belgilangan.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya