1 263 25/07/2026

Xorazm viloyatida Rossiya armiyasi safida Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan sud hukmi chiqarildi.

Sud hujjatlarida ayblanuvchining Rossiyaga ishlash uchun borgani, keyinchalik giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq ish bo‘yicha ushlangani va qamoqdan qutulish umidida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgani bayon qilingan.

Sudlanuvchi oilali, bir nafar farzandi bor va muqaddam sudlanmagan.

Rossiyada bo‘lgan vaqtida erkak giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatda gumon qilinib, politsiya tomonidan ushlangan. Unga advokat biriktirilgan va qamoq jazosi xavfi paydo bo‘lgan.

Aynan shu holat uning urushga borishiga sabab bo‘lgan asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.

Ayblanuvchining onasi va turmush o‘rtog‘iga Rossiyadagi advokat ularga telefon qilib, agar ushlangan shaxs Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, harbiy xizmatga ketsa, qamoqdan ozod qilinishi mumkinligini aytgan.

Oila a’zolari uning urushga borishiga qarshi chiqqan. Ayblanuvchining o‘zi ham dastlab bu taklifni qabul qilishni istamagan. Ammo uzoq muddat qamoq jazosi olish xavfi va ozodlikka chiqish imkoniyati uni shartnoma tuzishga undagan.

Tergovdagi dastlabki ko‘rsatmalarda esa ayblanuvchi internetda Rossiya armiyasiga shartnoma asosida qabul qilish haqidagi e’lonni ko‘rib, ko‘rsatilgan raqam bilan o‘zi bog‘langanini aytgan. Sud jarayonida u ayrim dastlabki ko‘rsatmalarini bosim ostida berganini bildirgan. Shu bois ishda uning urushga borishi ixtiyoriy bo‘lganmi yoki qamoqdan qutulish uchun majburan qilingan tanlovmi, degan masala ham muhokama qilingan.

Shartnoma imzolanganidan keyin u Rossiya Qurolli kuchlarining harbiy qismiga yuborilgan. U yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, unga avtomat va boshqa qurollar berilgan.

Sud hujjatida u qurolli to‘qnashuvlar hududida xizmat qilgani, avtomat, granata va boshqa qurollardan foydalangani qayd etilgan. Shuningdek, u Rossiya tomonidan moddiy ta’minot va pul mablag‘lari olgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Ma’lum vaqt o‘tgach, ayblanuvchi harbiy qismdan qochib ketgan. Bir muddat yashirinib yurganidan so‘ng Rossiyadan chiqib, O‘zbekistonga qaytish yo‘lini izlagan. Chegaradan o‘tish va uyiga qaytish uchun vositachilarga katta miqdorda pul to‘lashga uringan. Onasi va turmush o‘rtog‘i ham unga qaytib kelishi uchun pul yuborgan.

Sud ayblanuvchining chet davlat hududida moddiy manfaat evaziga qurolli harakatlarda ishtirok etganini isbotlangan deb topgan.

U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan — yollanma askar sifatida qurolli to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda ishtirok etish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sud unga to‘rt yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan. Hukmga ko‘ra, u probatsiya organining ruxsatisiz yashash va ish joyini o‘zgartirishi, Xorazm viloyatidan tashqariga chiqishi mumkin emas. Shuningdek, unga muayyan cheklov va majburiyatlar yuklatilgan.

Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, taraflar undan apellyasiya tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya