Maqola

101 12/07/2024

O‘zbekistonlik Abduvali Mamadaliyev 1957-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, 4 o‘g‘il va bir qizning otasi.  2009-yilda Abduvali Mamadaliyevning 5 farzandi Rossiyaga ish izlab chiqib ketgan va uyga qaytmagan. Migrant.uz bilan bo‘lgan suhbatda farzandlari yo‘qolganiga 15 yil bo‘lganini va qanday qiyinchiliklarga duch kelsa ham ularni topishga ishonchi komil ekanini gapiradi. 

“Farzandlarim 2009-yilning dekabrida kelgan. Oilaviy sharoitim yaxshi edi-yu, endi u yoqda pul topolmay, tikuvchilik qilardi. Men endi qarib qolganim uchun “Ishlaymiz, pul topib, jo‘natamiz, uy-joy qurasiz, dada’’, deyishganiga rozi bo‘lgandim. Shu bilan bedarak yo‘qolib ketgan.

Farzandlarimning xarakterlari juda yaxshi, maktablarni bitirib, tikuvchi bo‘lib kelishgan. Shu yerda namanganlik Ahmad ismli bola hozir bolalarimni ishlatib yuribdi. Pulini ham bermayapti, bolalarimni ham chiqarmayapti. Shuncha yildan beri Moskvaga kelib farzandlarimni izlab yuribman. Topsam, chiqarolmayman, ular qamalda. Ularni urishadi, qattiq tegadi, “Nega ishlamaysan?’’ deb gapirishadi. Oxirgi marta 19-yanvarda gaplashgandim, “meni uryapti’’ degandi. Topib boraman deganman, mana, hali ham topolmayman. Shuning uchun men sizlarga murojaat qilyapman, yordam beringlar farzandlarimni topib olay!”, deydi ota.

“Prokuraturaga murojaatlarimiz foydasiz…”

Abduvali Mamadaliyevning aytishicha, farzandlarining holati haqida xabar topganidan keyin O‘zbekistonda qidiruvga berishgan, biroq foydasi bo‘lmagan.

“O‘zbekistonda xotinim qidiruvga bergan, 8 ta ariza stolning chekkasida qolib ketgan, ko‘rilmaydi. Men bu yerda prokratura, qidiruv bo‘limiga bergan arizalarim manzilim Namangan bo‘lgani uchun u yoqqa yuborilgan. 5 ta kitobday qalin ish na’munalari kelgan, “gorotdel’’dagilar ko‘rsatdi. 14 yildan beri farzandlarim tirikligi haqida xabar bilan hech kim aloqaga chiqqani yo‘q. “Bo‘ldi, izlaymiz, topamiz’’ deb quruq gapni aytishadi”, deydi ota.

“Ahmadning Ximki shahar prokraturasiga yozganman. Ular esa u yerda tojiklar ishlaydi, o‘zbeklar yo‘q, deb aytgan. Farzandlarimni yashirib qo‘yishgan, hech kim kirolmaydigan joyga, politsiya esa ’’o‘zbeklar yo‘q’’, deb turaveradi. Uning Namangandagi uyiga xotinim, kelinim borgan. Ahmadning xotini uyini sotib ketganidan keyin, uy tekkislab tashlangan. Prezident Namanganga borganda mening masalam yuzasidan viloyat va shahar hokimlariga topshiriq bergan edi. Keyin ular meni hokimiyatga chaqirdi, hokimiyat shahar hokimligiga aytdi. Shahar hokimi esa ishni shahar prokraturasiga o‘tkazganidan keyin prokraturasi esa “bunday vakolatimiz yo‘q, yordam berolmaymiz’’ dedi. Bu voqea uch yil oldin bo‘lgandi. Lekin men oxirgi nafasimgacha farzandlarimni izlayman”, deydi Abduvali Mamadaliyev.

Rossiyadaga darbadarlik: pulsiz, uysiz, najotsiz ota

Ayni paytda keksa ota Moskvada uysiz, pulsiz, chorasiz qolgan. Ko‘cha-kuyda, masjidlarda yotib yuribdi. Ehsonlardan kun ko‘rmoqda.

“Taqdirimiz shu ekan, mana, kechalari tashqarida yotyapmiz, kunduzlari masjidlarda namozimizni o‘qib, vaqtimizni o‘tkazib turibmiz. Befarq bo‘lmagan odamlar kafelarda ovqat bilan boqib turishibdi, rahmat! Tani jonlari sog‘ bo‘lsin! Magazinlardan muddati o‘tgan “pechene’’, non mahsulotlarini tashlab yubormay, olib kelishadi masjidga. Shularni yeb turibmiz, ularga ham rahmat! Masjidda achinganlar bor, menga ishonmaganlar ham bor. Men 300-400 dollar sarf qilib kelib yurmaymanku, farzandlarim yonimda bo‘lsa birga yashar edim.”, deydi u.

Afsuski, Abduvali Mamadaliyev farzandlarini izlash jarayonidagi qiyinchilik va nochorlikdan shunchalar charchaganki, u hatto politsiya ushlab ketib, qamab qo‘yishini orzu qilmoqda:

“Politsiya ushlab, olib ketsa, yaxshi bo‘lardi. Bir safar daraxt panasida, yomg‘irda yotgan joyimga keldi. Vaziyatni tushuntirdim. Lekin politsiya bo‘limiga olib ketmadi. Olib ketishgani, politsiya bo‘limida yotardim. Mana, hozir yomg‘irda yotibman, kiyimlar, hujjatlar ivib ketgan”, deydi otaxon.

Bu vaziyat yuzasidan Rossiyaning Kavkaz xalqlari kongresi vakili Muhammad Ilyasovga mikrofon tutganimizda, otaxonga imkon qadar yordam berilishini aytdi:

“Biz Abduvali Mamadaliyevni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga qaror qildik. Biz Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasidan akamizga yordam berishlarini so‘raymiz. Biz ham o‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, prokratura va boshqa idoralarga ariza bilan murojaat qilishiga yordam beramiz”.

Abduvali Mamadaliyev ishi bo‘yicha Moskva advokatlar kollegiyasi advokati, huquqshunos Azamat Aminov muammoning chigal ekanligini ta’kidlab, masalaning huquqiy jihatlari haqida gapirdi:

“Vaqt ko‘p o‘tib ketgan, asosiy ishlar 2010-yilda qilinishi kerak edi. Bugungi kunda bu ish bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazsa bo‘ladi. Buning uchun Abduvali aka ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun e’tiroz bilan prokraturaga murojaat qilishlari kerak. Oxirgi yillar to‘plagan ma’lumotlarini qo‘shib, prokraturaga aytilsa, prokratura oldingi qarorlarni bekor qilib, yangidan tekshiruv o‘tkazishga yuborishi mumkin. Hozirgi kunda farzandlari tirikligiga umid bo‘lsa, harakat qilish kerak. O‘zi boshida bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi, 5 yil o‘tganidan keyin o‘lgan deb tahmin qilinadi. Lekin agar odam qullikda ushlanayotgan bo‘lsa, albatta, u tirik bo‘lishi mumkin. Menimcha, Abduvali aka Rossiya davlat organlariga murojaat qilishlari kerak. Sababi bu yerda bo‘ladigan dastlabki ishlar Rossita tergov organlari tomonidan olib borilishi kerak. Bunday hodisalar avvallari bo‘lib turardi, 10-15 yil oldin. Lekin 5 kishi, bir-biriga qarindosh bo‘lgan aka-opalar yo‘qolgani haqida men bilmayman. Lekin Abduvali aka farzandlarini topishiga umid qilaman”.

Migrant.uz tahririyati mas’ullar va mutasaddi tashkilotlar vakillaridan Rossiyada bedarak yo‘qolgan farzandlarini izlab, sarson bo‘layotgan 67 yoshli Abduvali Mamadaliyevga befarq bo‘lmasliklarini va kerakli yordamni ayamasliklarini so‘raydi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya