Maqola

105 02/08/2024

Migrantlar ayrim hollarda bolalarini o‘zlari bilan olib keta olmaydilar. Natijada yoki qarindoshlarga yoki tanish-bilishlarga  tashlab ketishga majbur bo‘lishadi. Biroq hamma vaqt ham ishonch bildirilgan odam uni oqlamaydi. Ko‘pincha, yosh bola omonat qilib tashlab ketilgan shaxslar uning jarohatlanishi, yoki undan ham yomoni – o‘limiga sababchi bo‘lib qolishadi.

Yaqinda Bo‘kada o‘z jiyanini o‘ldirib qo‘ygan amma haqida xabarlar chop etilgan edi. Bugun yana bir shunday achinarli voqea ijtimoiy tarmoqda tarqaldi.

Marhumaning onasi, 1988-yilda tug‘ilgan A.N. 2024-yil aprel oyida Rossiyaga ishlashga ketish uchun qiziga enaga yollagan. Biroq enaganing ishidan ko‘ngli to‘lmaganida qiziga qarashni dugonasi o‘z bo‘yniga olgan.

21-iyul kuni endigina bir yoshga kirgan qizaloq ikki ayol  T.A. va N.S. tomonidan o‘lik holda Qarshi shahar kasalxonasiga olib kelingan. Ular bolaning aravachadan yiqilib tushganini iddao qilishgan.

Biroq aniqlanishicha, bu qizaloq 20-iyul kuni tushlik vaqtida kiyimiga hojatini chiqargani sababli T.A.ning dugonasi N.S. tomonidan kaltaklangan. U mushti bilan qizning ko‘krak qafasi va qorin sohasiga bir necha marotaba urgan. Shundan so‘ng u o‘zining jinoiy qilmishini yashirish maqsadida go‘yoki aravachadan yiqilib tushgani haqidagi yolg‘on bilan shifoxonaga olib borgan.

Holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan N.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bolajon o‘zbek xalqi urush paytlarida ham bir burda nonini o‘zga millat bolalari bilan baham ko‘rib, o‘z farzandidek katta qilganedi.

Hozirgi to‘kinchilik zamonida o‘z millatdoshi, o‘z qadrdoni, o‘z qarindoshining omonat tashlab ketgan bolasining joniga qasd qilayotganlar ham o‘zbekmi? Musulmonmi?

Bolasini kimlargadir tashlab ketayotganlarga esa tavsiyamiz: avvalo, yosh bolangizi tashlab ketmang! Mabodo ketish o‘ta zarur bo‘lsa, o‘zingiz bilan olib keting. Tashlab ketganingizda ham o‘ta ishonchli, yaqin qarindoshlarga, agar ishonsangiz omonat qoldiring.

👤 Yoqub Umar

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya