Dunyoda taksining bir kilometr uchun o‘rtacha narxi 1.7 dollarni tashkil etadi. Rossiyada esa taksi narxi dunyodagi narxdan deyarli to‘rt marta arzon. Buning hisobiga mamlakat dunyoda taksi narxi reytingida 15-o‘rinni egallagan. Bu haqida RIA Novosti nashri milliy statistika idoralari ma’lumotlariga tayangan holda xabar bermoqda.
Taksi xizmatining arzonligi bo‘yicha birinchi o‘rinni kichik orol davlati – Palau egallagan. Orol-mamlakatda taksi narxi deyarli bepul va 1 kilometr uchun bor-yo‘g‘i 0,01 dollarni tashkil etadi.
Arzon taksi bo‘yicha liderlikka kiruvchi mamlakatlar orasida, shuningdek, Mavritaniya (bir km uchun 0.25 dollar), Uganda (1 km=0.27 dollar), Filippin (1 kilometr uchun 0.27 dollar) va Tojikiston (1 kilometr uchun 0.28 dollar) bor.
Umumiy olganda taksi narxi bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqlagan 70 ta mamlakatlarning deyarli barchasida bir kilometr yo‘lkira narxi bir dollardan arzon. Rossiya ham ular orasiga kirgan va bir kilometr uchun 0.47 dollar narx bilan 15 o‘rinni egallagan. Narx-navo bo‘yicha Rossiyaning “qo‘shnilari” – Fidji (0.45 dollar bir kilometr uchun) va Kamerun (0.5 dollar bir kilometr uchun) davlatlari hisoblanadi.
Reytingda bir kilometr uchun taksining eng qimmat narxi orol mamlakat Grenadada qayd etilgan. Grenada davlatida bir kilometr uchun taksi narxi 22,2 dollarni tashkil etadi.
Qimmatligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Tonga qirolligi, u yerda taksining bir kilometr uchun narxi 8,53 dollardan iborat. Uchinchi o‘rindagi Kiribatida esa 8,23 dollardan.
Iqtisodi yirik davlatlar orasida esa eng qimmat taksi narxi Lixtenshteyn (bir kilometr uchun 5.88 dollar) va Bahrayn mamlakatlari bor (5.81 dollar).