
Latviyada 841 nafar Rossiya fuqarosiga 2025-yil oktyabr oyi o‘rtalarigacha mamlakatni tark etish to‘g‘risida buyruq berildi. Bu haqda Fuqarolik va migratsiya departamenti xabar berdi.
Bunga sabab, rossiyaliklar latish tilidan majburiy imtihondan o‘ta olmagan. Qonunga ko‘ra, Latviyada doimiy yashovchi va yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan barcha ruslar 2025-yil 30-iyungacha Yevropa Ittifoqining doimiy rezidenti maqomiga ega bo‘lish uchun ariza topshirishlari kerak edi. Buning uchun davlat tili imtihonidan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikat zarur.
Hozirda 841 kishining yashash uchun ruxsatnoma muddati tugagan. Ular 13-oktyabrgacha mamlakatni tark etishlari kerak.
Agar ular mamlakatda o‘z xohishi bilan chiqib ketmasa, majburiy deportatsiya qilinadi. Shu bilan birga, sentyabr oyi oxirigacha yana 2 mingga yaqin rossiyalik imtihonni qayta topshirishi kerak.