
Moskva sudi bu haqda 18-dekabr kuni qaror chiqardi.
Sud Tergov qo‘mitasining iltimosini qabul qildi va 15 yoshli bolani hibsga oldi. U og‘ir jinoyatlar: qotillik va suiqasdda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston fuqarosi 10 yoshli Qobiljon Aliyev hujumda vafot etdi.
16-dekabr kuni ertalab Timofey K. ismli maktab o‘quvchisi pichoq bilan kelib, avval qo‘riqchiga, keyin esa Qobiljonga hujum qilgan.
Jabrlanuvchining ukasining so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchi bolalarni sinfga shoshilinch ravishda olib kirgan. Qobiljon hujumchining e’tiborini chalg‘itishini aytib, zinapoya tomonga yugurgan. U yiqilib tushganidan so‘ng qotil unga yetib olib, pichoq ura boshlagan. Bola olgan jarohatlaridan vafot etdi.
Keyin hujumchi sinfxonalardan biriga berkinib oldi, ammo keyinchalik polisiya tomonidan qo‘lga olindi. Rossiya ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, hujum o‘smirning millatchi va ksenofobik qarashlari bilan bog‘liq. Voqea joyidan olingan videolavhalarda uning bolalardan:
«Sen qaysi millatdansan?» deb so‘rayotgani ko‘rsatilgan.
Shuningdek, hujumdan oldin u sinfdoshlariga «Mening g‘azabim» nomli SMS xabar yuborib, turli guruhlarga, jumladan, musulmonlarga nisbatan nafratini bildirgan.
Tergov qo‘mitasi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov davom etmoqda.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi voqeani etnik nafrat harakati deb atadi va Rossiya tomoniga rasmiy nota yubordi. Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rahbari xolis tergov o‘tkazilishini va jinoyatchiga adolatli jazo berilishini talab qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ishning barcha tafsilotlarini aniqlashtirish va tojik tomoniga zarur yordam ko‘rsatish uchun Tergov qo‘mitasi va Rossiya Ichki ishlar vazirligiga murojaatlar yuborganini ma’lum qildi.