Checheniston rahbari IIV va Tergov qo‘mitasi rahbarlarini chechen o‘spirin Murdiyevning janjal bilan bog‘liq ishi sabab tanqid qildi. Shuningdek, politsiyaning xorij fuqarolariga nisbatan olib borayotgan siyosati — “urish, hibsga olish va quvib chiqarish” harakatlaridan norozilik bildirdi.
Qodirovning bu fikri Moskvadagi Tergov qo‘mitasi tomonidan 14 yoshli chechen o‘spirin Muslim (Roman) Murdiyevga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq. Murdiyev hozirda uy qamog‘ida, u “Ходынское поле” bog‘idagi janjal tufayli to‘rtta jinoyat epizodi bo‘yicha javobgarlikka tortilayapti. U ommaviy tartibni qo‘pol ravishda buzish va zo‘ravonlik qilishda guruh bo‘lib oldindan kelishib harakat qilishda ayblanmoqda.
“Muslim Murdiyev ishi bilan ko‘pdan beri shug‘ullanyapmiz: huquq himoyachilari, deputatlar, senatorlar va shaxsan o‘zim. Tergov organlari rahbarlari — Bastrikin va Kolokolsev o‘z o‘rinlarida emas” — dedi Qodirov.
IIV rahbari migrantlarga nisbatan politsiyaning munosabati uchun ham tanqidga uchradi.
“Kolokolsev buyruq berdi: hozir xorijlik fuqarolarni uryaptilar, hibsga olyaptilar, quvib chiqaryaptilar — biz uchun muhim bo‘lgan birodarlarni. Keyin esa: «Nimaga biz bilan hech kim do‘st bo‘lmaydi?’ deb hayron bo‘lishadi. Nimaga Ukraina va Gruziyani yo‘qotdik? Nimaga boshqa davlatlar bilan munosabatlarimiz tarang? Chunki odamlar davlatda nimalar bo‘layotganini bilishmaydi. Ular hududlarga chiqishmaydi, odamlar bilan gaplashishmaydi. Kresloda o‘tirib, eshik ortida nima bo‘layotganini ko‘rishmaydi. Alloh, albatta, ularning jazosini beradi” — dedi Qodirov.