
Bugungi kunda Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlarning urush girdobiga tushib qolishi odatiy holga aylanib bormoqda.
Ukrainaning “Xochu jit” loyihasi Rossiya armiyasi tarkibida Ukraina bilan urushga kelgan va asir tushganlar haqida ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, mazkur urushda 13 000 markaziy osiyolik jang qilmoqda.
12 666 kishining shaxsi aniqlangan. Eng ko‘pi O‘zbekistonliklar. 4853 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya-Ukraina urushiga jalb qilingan. Shuningdek, Tojikistondan 3407, Qozog‘istondan 2389, Qirg‘izistondan 1439 va Turkmanistondan 578 fuqaro bor.
“Xochu jit” loyihasida 12 aprel kuni e’lon qilingan video qahramoni Sidiqov Bobur Tohirovich. 1990-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi. Uning taqdiri aldov, adolatsiz sud va front chizig‘idagi dahshatlarning jonli isbotidir.
Oltin konlaridan temir panjara ortiga
Bobur 2008-yildan beri Rossiyaning turli shaharlarida mehnat qilib kelgan. So‘nggi yillarda u Magadandagi oltin qazib oluvchi korxonada yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlab, oyiga 800 000 rublgacha maosh topgan. Biroq 2023-yilning boshida uning hayoti ostin-ustun bo‘lib ketdi.
Novosibirsk aeroportida qo‘lga olingan Boburga 2011 yilda Moskvada sodir etilgan qotillik aybi qo‘yildi. Vaholanki, Bobur o‘sha paytda O‘zbekistonda bo‘lgan va buni isbotlovchi dalillari bor edi.
Tergovchilar va advokatning aldovi bilan, “ozodlikka chiqasan” degan va’daga ishonib, bo‘sh qog‘ozga imzo qo‘yib bergan Bobur 5 yilu 6 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Eng yomoni, asl qotil ham o‘zbekistonlik bo‘lgan va Bobur bilan birga ishlagan. Uning aytishicha, qotillik joyida Boburning pasporti ma’lumotlari ataylab qoldirilgan…
Qiynoqlar va “tirik qalqon” sifatida urushga jo‘natilish
Irkutskdagi qamoqxonada Bobur metallga ishlov berish bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlab, hatto mahbuslikda ham yaxshi daromad topgan. Ammo qamoqxona ma’muriyati (operativ xodimlar) chet el fuqarolarini urushga jalb qilish uchun bosim va jismoniy qiynoqlarni ishlata boshlaydi.
«Bizni alohida kameralarga qamab, kaltaklashdi va kontrakt imzolashga majburlashdi. Maqsad ruslar o‘rniga chet elliklarni o‘limga jo‘natish edi», — deydi Bobur.
Unga katta pul va ozodlik va’da qilindi, lekin va’da qilingan maoshlar ham oxir-oqibat kartalardan yechib olindi.
Frontdagi dahshat: “O‘lishimizni bilishgan”
Boburning ta’kidlashicha, ularga hech qanday harbiy tayyorgarlik o‘tilmagan. Uni va boshqa o‘zbek, tojik, qirg‘iz fuqarolarini Donesk viloyatiga olib kelishgan va ularga “itdek” munosabatda bo‘lishgan.
Front chizig‘idagi holatni u shunday tasvirlaydi:
“Yo‘l bo‘yida yuzlab, hatto minglab olib ketilmagan jasadlar yotardi. Hech nima qila olmaysiz. Bizga hatto qanday yordam berishni o‘rgatishmadi, evakuatsiya qilishni ham bilmaymiz. Faqat “oldinga”, deyishadi.
Biz avvalroq borgan askarlar o‘rnini egallashimiz kerakligini aytishardi. Orqaga qaytmoqchi bo‘lganlarni “obnuleniye” (otib tashlash) bilan qo‘rqitishardi”.
Boburning aytishicha, rossiyalik bo‘lmaganlarning taqdirini avvalda bilishgan. Ya’ni yollanma askarlarning shunchaki o‘lib ketishlarini bilishardi.
“Hech qanday evakuatsiya rejasi yo‘q, bizni shunchaki “tirik go‘sht” sifatida jang maydonining old fazasiga haydashardi. Rossiya armiyasida insoniylikdan asar ham yo‘q edi”, deydi u.
Bobur suhbatda jang maydonida atigi uch kun bo‘lgani, oyog‘idan yaralangach, Ukraina harbiylariga taslim bo‘lgani va o‘sha yerdagina unga insoniy munosabat ko‘rsatilganini aytadi.
Vatandoshlarga murojaat va Hukumatdan yordam ilinji
Bugungi kunda Bobur Rossiya haqida nafaqat eshitishni, balki u yerga qaytishni ham istamaydi. U Rossiyadagi qonunlar ishlamasligini, chet elliklarni faqatgina urush uchun resurs deb bilishlarini anglab yetganini aytadi..
“O‘zbekistonga qaytib, yollanma askarlik uchun qamoqda o‘tirish Rossiyada qolishdan ming marta yaxshiroq”, — deydi u.
Barcha vatandoshlarini Rossiyaga ishga bormaslikka, ozroq maosh bo‘lsa ham o‘z yurtida, oilasi bag‘rida mehnat qilishga chaqiradi va O‘zbekiston elchixonasidan uni vatanga qaytarishda yordam berishlarini so‘ramoqda…