
Qozog‘istonning Rossiyadagi elchisi Dauren Abayev muhojirlarning o‘z oilalari bilan mamlakatga ko‘chib o‘tishi muhokama qilinayotgan taqiqdan xavotir bildirdi.
E’tiborlisi, mehnat muhojirlari keladigan boshqa mamlakatlar vakillari bunday bayonot bilan chiqmagan.
Abayevning ta’kidlashicha, Rossiya qonunchiligiga kiritilgan yangi tuzatishlar Qozog‘iston jamiyatida xavotir uyg‘otmoqda, chunki gap o‘z mehnati bilan Qozog‘iston va Rossiyaning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan odamlar haqida ketmoqda.
U Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqini (YeOI) tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash ekanini eslatgan. Ittifoq tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishi tamoyillariga asoslanadi. Bitim YeOII mamlakatlari fuqarolarining boshqa ishtirokchi mamlakatlarda maxsus ruxsatnomalarsiz ishlash, shuningdek, mehnat shartnomasi muddati davomida o‘z hududida bo‘lish huquqini nazarda tutadi. Xuddi shu shartlar mehnat migrantlarining oila a’zolariga ham tegishli.
Muhojirlarning oilalari bilan harakatlanishini taqiqlash g‘oyasi birinchi marta 2024-yilning yozida LDPRdan bir guruh deputatlar tomonidan taklif qilingan. Keyinroq Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ham past malakali ishchilarga oilalarini Rossiyaga ko‘chirish imkonini beruvchi qonunchilikdagi bo‘shliqni bartaraf etish zarurligini ta’kidlagan edi. Faol muhokamalarga qaramay, qonun haligacha qabul qilinmagan.