
Yevropa Ittifoqi migrantlar uchun maxsus markazlar tashkil etish boʻyicha muzokaralarni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu markazlarga Yevropada boshpana berish rasman rad etilgan odamlar yuboriladi. Bu haqda jurnalistlarga anonimlik sharti bilan uch nafar yevropalik diplomat ma’lum qildi.
Bunday ob’ektlarni qurish uchun ehtimoliy sheriklar qatorida Qozogʻiston va Oʻzbekiston koʻrib chiqilmoqda. Yevropa Ittifoqi bu loyihani jami oʻntacha turli mamlakatlar bilan muhokama qilmoqchi. Yangi markazlarda boshpana rad etilganidan keyin odamlarni nafaqat vaqtinchalik joylashtirish, balki YeIda yashash huquqini olish uchun arizalarni koʻrib chiqish ham rejalashtirilmoqda.
Bu loyiha ustida Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gretsiya birgalikda ish olib bormoqda. Hamkorlik evaziga sherik mamlakatlarga rivojlanish uchun moliyaviy yordam yoki viza tartibini soddalashtirishni taklif qilishlari mumkin. Niderlandiya hukumati qonunlarni allaqachon tekshirib chiqdi va migrantlarni bunday markazlarga deportatsiya qilish uchun qonuniy toʻsiqlar yoʻqligini tasdiqladi. Rasmiylar ishga kirishishga tayyor, birinchi aniq kelishuvlar esa yaqin 6–7 oy ichida e’lon qilinishi mumkin. Niderlandiyaning boshpana va migratsiya masalalari boʻyicha vaziri Bart van den Brink yevropaliklar migratsiya ustidan nazoratni qaytarishni talab qilayotganini va yangi qarorlar oʻz qonuniyligini allaqachon isbotlayotganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Yevropa poytaxtlari hozircha oʻzlari muzokara olib borayotgan mamlakatlarni ommaviy ravishda ochiqlamayapti. Ular Buyuk Britaniyaning Ruandadagi va Italiyaning Albaniyadagi shunga oʻxshash loyihalariga hamrohlik qilgan mojarolar takrorlanishidan qoʻrqishmoqda.
Kelajakdagi loyihaning aniq konturini yil oxirigacha tayyorlash rejalashtirilmoqda. Parallel ravishda YeIda deportatsiya qilishning yangi qoidalari tayyorlanmoqda. Frantsiya va Germaniya yangi markazlar ushbu qoidalar uzil-kesil tasdiqlanganidan soʻng darhol ish boshlashini istaydi.
Migratsiya boʻyicha yevrokomissar Magnus Brunner hozirda migrantlarning atigi 28% YeIni tark etish talabidan keyin oʻz vataniga qaytayotganini ma’lum qildi.
Yevropa boshpanalari toʻlib ketgan. Masalan, may oyida Niderlandiyaning Ter-Apel markazida joy yetishmaganidan odamlar toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchada uxlashga majbur boʻlgan, bu esa rasmiylarning migratsiya siyosatiga qarshi ommaviy noroziliklarga olib keldi.