Maqola

1 016 24/11/2024

Xalqaro musulmon huquqshunoslar uyushmasining xabar berishicha, 22-noyabr kuni erta tongdan Qozon Federal Universitetida viza olish uchun 200 dan ortiq xorijiy talabalar Migratsiya xizmatiga kelgan.

Talabalar tushunarsiz sabablarga ko‘ra kechgacha sovuqda kutishga majbur bo‘lgan. Tashqarda turgan talabalardan biri pasportni olib chiqish uchun binoga kirishga ruxsat so‘raganida, Rosgvardiya xodimlari qo‘pollik bilan rad javobini bergan. Bu haqda Xalqaro musulmon huquqshunoslar uyushmasi o‘z Telegram sahifasida ma’lum qildi.

Xabarlarga ko‘ra, rus gvardiyachilarning qo‘pol muomalasi talabalarning noroziligiga sabab bo‘lgan. Natijada, voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar talabalarni rezina tayoqlar bilan kaltaklagan.

Internetga tarqagan videokadrlarda bir necha politsiyachi ikki yigitni yerga yotqizib, tayoq bilan urayotgani aks etgan. Voqea joyida ko‘plab odamlar, asosan xorijliklar to‘plangan.

Rossiya ommaviy axborot vositalari esa mojaro ikki talaba o‘rtasida navbat talashuvi sabab boshlanganini va keyin ommaviy mushtlashuvga aylanganini xabar qildi. Ta’kidlanishicha, politsiyachilar mojaroni to‘xtatish maqsadida aralashgan va mushtlashuvga sababchi bo‘lgan eronlik talabalar qo‘lga olingan. Qancha talabaning qo‘lga olingani haqida aniq ma’lumot berilmagan.

Eron konsuli mojaro joyiga kelib, hodisaga aralashgan. Eronning Tashqi ishlar vazirligi mojaroni nazoratga olgani va Rossiyaga nota yuborgani haqida xabar berdi. Eron konsulining ta’kidlashicha, Eron talabalari adolatli munosabat va hurmatga loyiq. Uning fikriga ko‘ra, Rossiya tomoni mojaroning barcha aybdorlariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishi shart.

Voqea joyida Eron konsuli talabalarga nisbatan bunday munosabatni hech qanaqasiga qabul qilinmasligi borasida qat’iy bayonotlar bergan.

“Biz talabalarimizning huquqlari to‘liq himoya qilinishiga albatta erishamiz. Rossiya politsiyasi Eron xalqini boshqa xalqlar bilan adashtirib yubormoqda. Biz xorijdagi hech qaysi fuqarolarimizga hurmatsizlik va noinsoniylik bilan munosabat qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Mazkur holat rasmiy ravishda Eron tarafiga izohlanishi, aybdorlar esa qonun doirasida javobgarlikka tortilishi shart”, deya bayonot qilgan eron konsuli.

23-noyabr kuni Eronning Qozondagi bosh konsulxonasi politsiyaning talabalarga qo‘pol muomalasiga nisbatan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborganini ma’lum qildi. Notada politsiyaning professional bo‘lmagan harakatlari tanqid qilingan. Shu kuni Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaloliy qo‘lga olingan ikki eronlik talabaning ozod qilinganini xabar berdi. Uning aytishicha, talabalarning salomatligi yaxshi, biroq birining ko‘z ostida yengil shish paydo bo‘lgan.

Eron elchisi Rossiyaning mas’ul idoralari hodisa yuzasidan tergov boshlaganini ma’lum qilgan.

Qozondagi mintaqaviy Tergov qo‘mitasi politsiya xodimiga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani bo‘yicha eronlik talabalarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atganini ma’lum qildi. Tergov idorasining ma’lum qilishicha, mushtlashuvda qatnashgan xorijliklardan biri politsiyachini uning formasidan tortib, o‘zidan nari itargan.

Qozon Federal Universiteti rahbariyati esa mojaro tufayli qabul punktlari sonini yana uchtaga ko‘paytirishga qaror qilganini ma’lum qildi. Shuningdek, ishtirokchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya