
Rossiya Ichki ishlar vazirligining Tatariston bo’yicha mintaqaviy boshqarmasi ma’lumotlariga ko’ra, Qozon politsiyasi xodimlari migratsiya qonunlarini buzgan taxminan o’ttiz nafar xorijiy fuqaroni aniqlagan.
Tekshiruvlar qurilish maydonlari, kafe va avtomobillarni ta’mirlash ustaxonasida o’tkazildi. Reydlar davomida noqonuniy mehnat faoliyati va Rossiyada bo’lish qoidalarini buzish kabi 34 ta qoidabuzarlik qayd etilgan.
Qoidabuzarliklarning oltitasi xorijiy fuqarolarni noqonuniy yollagan ish beruvchilar tomonidan sodir etilgan.
Tekshiruvlar natijasida qoidabuzarlarga 2000 dan 5000 rublgacha ma’muriy jarima solindi.
Tatariston Ichki ishlar vaziri Damir Satretdinov 2025-yilda respublikada noqonuniy migratsiyani aniqlash uchun 10 000 dan ortiq tekshiruv o’tkazilgani haqida xabar bergan edi.
Natijada, 2000 dan ortiq xorijiy fuqaro Rossiyadan chiqarib yuborilgan va yana 4000 nafariga mamlakatga kirish taqiqlangan edi.
Xorijiy fuqarolarning yarmidan ko’pi respublikada ish maqsadida kelgan bo‘lsa, deyarli beshdan bir qismi esa talabalardir. Kelganlarning taxminan 75% qo’shni davlatlar, asosan O’zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir.