Rossiya Ichki ishlar vazirligi buyruq loyihasiga ko‘ra, «chiqarib yuborish rejimi» (режим высылки) qo‘llanilganidan keyin xorij fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslar qayerda ekanligini ko‘rsatuvchi fotosurat va geolokatsiyasini politsiyaga muntazam ravishda yuborib turishga majbur bo‘ladi. Bu qoida chet elliklarni saqlash uchun maxsus muassasalarda, tergov izolyatorlarida yoki koloniyalarda bo‘lmagan migrantlarga taalluqli bo‘ladi.
Qolaversa, «chiqarib yuborish rejimi»ga tushgan muhojirlar Rossiyadan ketish kuni yoki ketishga to‘sqinlik qilayotgan holatlar haqida ham ma’lumot berib turishi kerak bo‘ladi.
«Rossiya IIV hududiy organiga shaxsan borish imkoni bo‘lmagan taqdirda, nazoratdagi shaxs o‘z joylashuvini fotosurat va geolokatsiya belgisini yuborish orqali xabar berishi lozim», — deyiladi buyruq loyihasi hujjatida.
Noqonuniy migrantlarga nisbatan «chiqarib yuborish rejimi»ning (режим высылки) qo‘llanilishi 2025-yilning 1-yanvarida boshlanadi.
Geolokatsiya yuborish haqidagi Rossiya IIVning buyrug’i esa 2025-yilning 5-fevralidan kuchga kiradi. Xuddi shu sanadan boshlab, noqonuniy muhojirlar reyestri (ro‘yxati) ham ishga tushiriladi.
«Chiqarib yuborish rejimi» Rossiyada yurishga asosi qolmagan, noqonuniy bo‘lib turgan yoki qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarga qo‘llaniladi. Ular haqidagi ma’lumotlar nazoratdagi shaxslar ro‘yxati «reyestr»ga kiritiladi.
Ushbu ro‘yxatga kiritilgan migrantlarga mulk yoki transport vositalarini xarid qilish, avtomobil boshqarish, kredit olish, rasmiy nikoh qayd etish (ЗАГС), bankda yangi hisob ochish yoki mavjud hisobdan oyiga 30 ming rubldan ko‘proq sarflash taqiqlanadi. Shuningdek, ular Rossiya hududida erkin harakatlana olmaydi.
Ta’kidlanishicha, noqonuniy muhojirlar “reyestri”ga tushgan migrantlar Rossiyadan chiqib ketgach, ushbu ro‘yxatdan 24 soat ichida o‘chirib yuboriladi.