Oradan bir oy o‘tib, Rossiya aeroportlarida mamlakatga kirolmay sarson bo’layotgan o’zbekistonliklar vaziyati rus jurnalistlarining e’tiborini tortishni boshladi. Aeroportlarda o’zbekistonliklar yuzlashayotgan noinsoniy shart-sharoitlar haqida nihoyat Rossiya OAVlari yoza boshladi.
«Московский Комсомолец» nashrida bu voqealarning eng birinchi va nisbatan batafsil tavsifini uchratish mumkin. «Ikki qavat aeroportni buyumlarimiz bilan egallaganmiz. Oramizda ayollar va bolalar ham bor edi», — deb xabar bergan Ramiziddin ismli yo‘lovchilardan biri, deb yozadi «MK».
Bundan tashqari, nashrga Ramiziddin aeroportdagi vaziyat videosini yuborgan. Ramiziddin Moskvada yashaydigan oilasi uni bir muddat qayerda ekanligini bilmay, qiynalganini aytgan. Telefon doimiy ravishda quvvatlantirilishi uchun yuzlab hamyurtlari kabi uzluksiz rozetkaga yugurishga majbur bo‘layotgani, aks holda u butunlay aloqasiz qolib ketishi mumkinligini, hech qanday axborot berilmayotganini ta’kidlagan.
Ramiziddinning so‘zlariga ko‘ra, u Moskvada rasmiy ravishda ishlaydi va hech qachon qonun bilan muammolari bo‘lmagan. Rossiyaga kirish rad etilishining sababi qog‘ozda “Rossiya Federatsiyasiga kirish taqiqlangan” degan yozuv bilan belgilangan. Bu qandaydir tavtologiyaga o‘xshaydi. Nega shunday? — deb savol qo‘yadi «MK» nashri.
«Московский Комсомолец» nashrining suhbatdoshi boshqa o’zbekistonliklarning pasportlari va Rossiyaga kiritilmaslik qog‘ozini ham yuborgan. Ma’lum bo’lishicha, “MK” suhbatdoshi uchgan reysdan biror kishi ham Rossiyaga kiritilmagan.
Nega oddiy vaziyatdan gumanitar halokat yaratish kerak? Agar kundan kunga ishchi kuchi yetishmasligi muammosi ortib borayotganiga qaramay, migrantlarni qabul qilishni istamasangiz, bu haqda ochiq aytish uchun imkoniyat toping. Achinarli bo‘lsa ham haqiqatni aytish kerak. Har qanday vaziyatda, avvalo, inson bo‘lib qolish kerak, deb yozadi nashr.