
Jizzax viloyati Zafarobod tumani sudi 24 yoshli Q.S.ni Rossiya-Ukraina urushi davrida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi safida xizmat qilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanma askarlik) bo‘yicha aybli deb topdi.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Q.S. 2024-yil oktyabrda ish izlash maqsadida Rossiyaga yo‘l olgan. U «Rostov rabota» telegram kanali orqali o‘rmonda daraxt kesish ishi to‘g‘risidagi e’lonni ko‘rib, oylik maoshi 150 ming rubl bo‘lgan ishga borishni niyat qilgan. Lekin 2024-yil 29-oktyabrda Rostov-Donga yetib borgach, uni Rossiya Qurolli Kuchlarining harbiy qismiga olib ketishgan va harbiy shartnoma imzolashga majbur qilishgan. Q.S. o‘z ko‘rsatmalarida aldanganini, ishga qabul qilish uchun medisina tekshiruvidan o‘tkazilganini, keyin esa mehnat shartnomasi deb o‘ylab, aslida harbiy xizmat shartnomasini imzolaganini aytgan. Unga shartnomani bajarmasa, 5-10 yil qamoq jazosi berilishi mumkinligini aytib qo‘rqitishgan. Harbiy xizmat vaqtida Q.S. Novocherkassk shahridagi harbiy poligonda tayyorgarlikdan o‘tgan, u yerda «Axmad sila», «Vagner» va Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylari bo‘lgan. 2024-yil 19-noyabrda uni Kursk viloyatidagi front pozisiyalarini qo‘riqlashga jo‘natishgan. 2025-yil 2-yanvarda u Kursk viloyatining Sudja shahriga yetib borgan va 20-fevralgacha harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Bu davrda sog‘lig‘i yomonlashib, oyog‘idan sovuq urishi sababli kasal bo‘lib qolgan. Davolanish jarayonida qismidagi barcha harbiy xizmatchilar yo‘q qilingani yoki jarohatlanganini bilib, o‘zini xavf ostida his qilgan. 2025-yil 21-fevralda u O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilib, holatini bildirgan. 22-fevralda Hikmatillo ismli O‘zbekiston fuqarosi yordamida Moskvadagi elchixonaga yetib borgan. Elchixona xodimlari 2 soat ichida unga «Vatanga qaytish guvohnomasi»ni rasmiylashtirib berishgan. Shundan so‘ng u 25-fevralda u Toshkentga qaytib kelgan. Sud majlisida Q.S. o‘z aybini to‘liq e’tirof etdi. U moddiy ahvolini yaxshilash va qari ota-onasining qarzlarini to‘lash maqsadida Rossiyaga borganini, lekin o‘zi bilmagan holda harbiy xizmatga jalb qilinganini aytgan.
Sud Q.S.ning jinoiy faoliyatda ishtirok etganini tasdiqlovchi yetarli dalillar mavjudligini aniqladi. Shu bilan birga, ayblanuvchining to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, jinoyatning ochilishiga faol ko‘maklashgani va oilasida yagona boquvchi ekanligi yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholandi. Natijada sud Q.S.ga 4 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Jazo Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida, uy-joyida o‘taladi. Hukmga ko‘ra, jazo muddatida u ommaviy tadbirlarda qatnashishi, internetdan foydalanishi taqiqlanadi va Jizzax viloyati hududidan tashqariga chiqishi cheklanadi. Hukm ijrosini nazorat qilish Probatsiya guruhiga yuklatildi.