828 26/08/2025

2025-yil 13-avgust kuni Shahrisabz tumani sudi sayyor majlis o‘tkazib, Rossiya-Ukraina urushida yollanma askar sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan hukm chiqardi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mahkum (ismi oshkor etilmagan) tumanda yashovchi, oilali, bir necha farzandning otasi hisoblanadi. U avval jinoiy javobgarlikka tortilmagan, asosan mavsumiy ishlar uchun Rossiyaga qatnab kelgan.

Ish materiallariga ko‘ra, u 2024-yil 29-iyunda «Toshkent — Nijniy Novgorod» aviareysida Rossiyaga yo‘l olgan. Rossiyaning Rostov viloyatidan Ukraina hududiga o‘tgan va Donesk viloyatida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko‘ra, unga har oy 210 ming rubl maosh va’da qilingan.

8-iyulda shartnoma tuzilgandan so‘ng u Makeyevka shahrida 21 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, 34479-sonli harbiy qismga jalb etilgan. Bir necha oy davomida minomyotchi sifatida xizmat qilgan.

Urush jarayonida u ikki marta dron hujumidan jarohat olgan. Birinchi marta 2024-yil sentyabrda orqa qismiga, ikkinchi marta esa 30 dekabrda qo‘l, oyoq va ko‘krak qismiga jarohat yetgan. U Krasnodar viloyatidagi harbiy gospitalda davolanib, keyin yana qismga qaytgan.

Shifoxonadan chiqqanidan keyin qism qo‘mondoni unga 30 kunlik ta’til bergan. Shu paytdan foydalanib, u 2025-yil 17-fevralda «Sochi — Toshkent» reysi orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.

2025-yil 11-iyun kuni u DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga murojaat qilib, o‘z qilmishini tan olgan va urushda qatnashganini tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etgan.

Barcha dalillar – shartnoma, jarohatlar haqidagi tibbiy ma’lumotlar, guvoh ko‘rsatuvlari – sud tomonidan o‘rganildi. Natijada u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanma askarlik) bo‘yicha aybli deb topildi.
Sud JKning 57-moddasi asosida unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, xorijiy davlat hududida yollanma sifatida urush harakatlarida ishtirok etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. JK 154-moddasiga muvofiq, bunday qilmish uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosi belgilangan.

Sud hukmiga ko‘ra, mahkumning ixtiyoriy pushaymonligi va aybini to‘liq tan olgani sabab jazo yengilroq tayinlangan.

 

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya