Maqola

378 09/04/2025

Namangan viloyatida yashovchi fuqaro Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, Mariupolda xizmat qilganidan so‘ng yollanma askarlik bo‘yicha aybdor deb topildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tuman sudi uning ishi bo‘yicha hukm chiqardi, deb yozadi UzNews.uz.

Ish materiallariga ko‘ra, 51 yoshli fuqaro K. 2023-yilning may oyida Rossiyaning Primorsk o‘lkasiga jo‘nab ketgan va u yerda Xarolsk shahridagi fermer xo‘jaligiga ishga joylashgan. 2024-yil yanvar oyida u mushtlashuvga aralashib, mojaroning yana bir ishtirokchisiga jarohat yetkazgan, shundan so‘ng u vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Vaqtinchalik saqlash hibsxonasida bo‘lganida unga ushbu jinoyati uchun besh yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkinligi yoki Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasida xizmat qilish taklif etilgan. O‘zbekistonlik muhojir olti yillik harbiy xizmat uchun shartnoma imzolagan. Shuningdek, K.ga Rossiya fuqaroligini tezlashtirilgan holda olish, jarohat olgan taqdirda to‘lovlar va boshqa qator imtiyozlar va’da qilingan. U dastlab rad etdi, lekin boshqa mahbuslar bosimidan so‘ng rozi bo‘lgan.

2024-yil mart oyida u qasamyod qilganidan so‘ng oktyabr oyida unga Rossiya pasporti berildi. Noyabr oyida u harbiy qismni tark etib, Rossiya fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatmay, O‘zbekistonga qaytgan.

Sud majlisida sudlanuvchi o‘z aybiga qisman iqror bo‘ldi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri janglarda qatnashmagani, Ukraina chegarasini kesib o‘tmagani va Mariupolda to‘rtinchi chiziqda bo‘lganini aytgan. U mashg‘ulotlardan o‘tganini, otishni o‘rganganini, lekin asosan oshxonada yordam berganini va keyinchalik oshpaz etib tayinlanganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, harbiy harakatlarda majburan qatnashgani uchun suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Sud K.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanma askarlik) bilan aybdor deb topib, unga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy rejimdagi axloq tuzatish koloniyasida o‘tashga hukm qildi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya