Maqola

151 06/04/2026

Rossiya Cloudwards tomonidan tuzilgan global internet erkinligi reytingida 100 balldan atigi 4 ball bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Eng pastgi pog‘onani 0 ball bilan Shimoliy Koreya band qilgan. Eron, Xitoy va Pokiston ham shunga o‘xshash natijalarga erishdi.

Reytingda onlayn so‘z erkinligi, VPN xizmatlariga kirish, torrent resurslari va turli kontentlardan foydalana olish kabi omillar hisobga olingan.

Tadqiqotda ta’kidlanganidek, Rossiya hech qanday mezon bo‘yicha to‘liq erkin deb baholanmagan. Mamlakat YouTube, X, Instagram, Facebook va TikTok ijtimoiy media platformalari, shuningdek, WhatsApp va Telegram xabar almashish ilovalari kabi yirik xalqaro platformalarga kirishni cheklaydi. Mustaqil ommaviy axborot vositalari ham bloklangan yoki cheklangan.

Shuningdek, Rossiyada VPN xizmatlariga qarshi eng qattiq choralar ko‘rilayotgani ta’kidlangan. Biroq, Shimoliy Koreyadan farqli o‘laroq, mamlakatda internetga kirish keng tarqalganligicha qolmoqda.

O‘n bir mamlakat internet erkinligining eng yuqori darajasini namoyish etdi va 100 balldan 92 ball oldi. Ular orasida Belgiya, Daniya, Islandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Slovakiya va Finlyandiya bor edi. Bu mamlakatlarda torrent-resurslarga ba’zi cheklovlar saqlanib qolsa-da, ijtimoiy tarmoqlar va VPNlarga kirishda sezilarli cheklovlar yo‘q.

Rossiya Ukrainadagi mojaro boshlanganidan keyin internet nazoratini kuchaytira boshladi. Instagram va Facebook kabi bir qator platformalar bloklandi, harbiylar haqida yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun jazo choralari joriy etildi hamda YouTube’ga kirish sezilarli darajada cheklandi. Signal, Viber va Discord xabar almashish ilovalari ham bloklandi.

2025-yilda Rossiya xavfsizlik bahonasida mobil internetga kirishni muntazam ravishda cheklay boshladi. Veb-saytlarga kirish «oq ro‘yxatlar» orqali tartibga solina boshladi. Top10VPN ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya internet uzilishlari bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylanib, jami 37 000 soatdan oshdi va taxminan 146 million kishiga ta’sir qildi.

2026-yilda qo‘shimcha choralar ko‘rildi. Endi telekommunikatsiya operatorlari FSB iltimosiga binoan xizmatlarni o‘chirishlari shart bo‘ldi. Taxminan 100 million kishi foydalanadigan WhatsApp va Telegram’ga kirish ham cheklandi.

Bundan tashqari, rasmiylar yangi cheklovlarni joriy etishda davom etmoqda. 1-apreldan boshlab operatorlarga mobil hisoblardan Apple ID hisoblarini to‘ldirish taqiqlangandi. VPNdan foydalanishni cheklash uchun 1-may kuni xalqaro internet-trafikka 15 GB cheklov qo‘yish rejalashtirilgan. VPN orqali o‘z xizmatlariga kirishga ruxsat bergan IT-kompaniyalarga qarshi ham choralar ko‘rilishi o‘rganilmoqda.

 

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya