Rossiya mehnat muhojirlari oqimidan manfaatdor, biroq ular mamlakatda qolish qoidalariga rioya qilishlari kerak. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashuvi yakunida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda TASS.
“Biz chet el fuqarolarining mamlakatimizda bo‘lish qoidalariga rioya qilishlari va ularning huquqiy maqomi tegishli normalarni hisobga olgan holda o‘z vaqtida hal qilinishiga katta ahamiyat beramiz”, — dedi Rossiya TIV rahbari.
23-iyun kuni Ijtimoiy tahlil va prognozlash instituti ilmiy xodimi Yuliya Florinskaya Rossiyada mehnat muhojirlari soni o‘n yil avvalgiga nisbatan deyarli ikki baravar kamayganini ma’lum qildi. Ichki ishlar vazirligi va ochiq manbalarga ko’ra, 2013-2014-yillarda Rossiyada yiliga o’rtacha 6-7 millionga yaqin chet el fuqarolari bo’lgan.
20-iyun kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova hukumat chet ellik ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha siyosatini qayta ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Uning so’zlariga ko’ra, mamlakatda migratsiyaga yondashuvni yangilashga qaratilgan yangi qonunchilik tashabbuslari allaqachon amalga oshirila boshlangan.