307 04/08/2026

Moskva shahar dumasi deputati, LDPR partiyasi a’zosi Mariya Voropayeva davlat rossiyalik oilalarining pullarini migrant bolalarga sarflashni to‘xtatishi kerakligini aytdi. Uning iddaolariga ko‘ra, Rossiya fuqarolari ko‘pincha bola tug‘ilgandan keyin zarur yordamsiz qolar ekan-da, migrantlar farzandlarini osongina boqar emish, chunki davlat ularga “juda katta miqdorda” pul berar ekan.

Bu bayonot rossiyaliklarning qulog‘iga moydek yoqib tushadi, ammo u Rossiyadagi amaldagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Faqat ayrim toifadagi chet elliklargina (“RVP” yoki “VNJ”, ijtimoiy sug‘urta, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki qochqin maqomi bilan bog‘liq boshqa huquqiy maqomga ega bo‘lganlar) bolalar nafaqasini olish huquqiga ega.

Rossiyadagi chet elliklar faqat qonuniy shartlar bajarilgan taqdirdagina cheklangan miqdordagi nafaqa olishlari mumkin.
Biroq, patent yoki viza talab qilinadigan mamlakatlar fuqarolari  17 yoshgacha bo‘lgan yagona va boshqa ko‘pgina bolalar nafaqalarini olish huquqiga ega emas.

Yaxshilab aniqlashtirilsa, bunday to‘lovlarning miqdori «juda katta» ham emas. Masalan, 2026-yil 1-fevraldan boshlab bir martalik tug‘ruq nafaqasi 28 450,45 rublni tashkil qiladi.

Rossiyada davlatning ommaviy ravishda «migrantlarning bolalarini» qo‘llab-quvvatlaydigan umumiy tizimi ham mavjud emas.
Voropayevaning bayonoti siyosiy baho, amaldagi qoidalarning aniq tavsifi emas. Rossiya chet elliklarning ijtimoiy nafaqalardan foydalanishini cheklaydi va migrantlarga «juda katta miqdorda» pul to‘lanadi degan da’volarning ham asli puch.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya