
Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari Ravil Gʻaynutdin muhojir bolalarni maktabga qabul qilishdan bosh tortishni “ota-onalarga saboq bo‘lish uchun berilgan jazo” deb atadi va “yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini” buzmaslikka chaqirdi. Uning bayonotlari idora saytida e’lon qilingan.
«Bizni, ayniqsa, maktabga qabul qilinmagan bolalar taqdiri tashvishga solmoqda. Buyuk rus madaniyati insonparvarlik an’analari bilan tarbiyalangan, biroq ota-onalarga saboq bo‘lishi uchun bolalarni o‘ylamasdan jazolash bilan emas», – deb kuyingan Gʻaynutdin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Gʻalabaning 80 yilligi nishonlanadigan yilda qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash, “radikallar slavyan-turkiy-forsiyzabonlar ittifoqi uchburchagini yo‘q qilishiga” yo‘l qo‘ymaslik kerak.
2025-yil 1-aprelda Rossiyada chet el fuqarolari farzandlari maktablarga olinishdan oldin ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish uchun zarur bo‘lgan rus tilini bilish imtihonidan o‘tishlari shart bo‘lgan qonun kuchga kirdi.
Rosobrnadzor ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda maktablarga 23616 nafar xorijlik bola hujjat topshirgan. Sinovga faqat 8223 nafar bola kiritildi. Faqatgina 5940 nafar bola imtihonda qatnashishga qo‘yildi va rus tilidan atigi 2964 nafari muvaffaqiyatli topshirdi.