Qozog‘iston darsliklarida Rossiya kolonial imperiya sifatida tasvirlangan bo‘lib, mamlakatdan harbiy va iqtisodiy manfaatlar uchun foydalangani aytiladi. Darsliklarda Rossiya imperiyasining, ayniqsa, ko‘chirish siyosati tanqid qilinadi, bu siyosat ijtimoiy nizolar va qo‘zg‘olonlarga olib kelgan, deb xulosa qilinadi. 1921-yildagi ochlik Sovet davri tufayli bo‘lgani aytiladi va uning halokatli oqibatlari ko‘rsatiladi.
Ozarbayjon darsliklarida sovet hokimiyatining o‘rnatilishi harbiy tajovuz sifatida tasvirlangan. Rossiya butun tarix davomida Ozarbayjonni ekspluatatsiya qilgan, shuningdek, Qorabog‘ mojarosini kuchaytirgan mamlakat sifatida ko‘rsatiladi. Antikolonial kayfiyatlar yangi darsliklarda kuchaytirilgan, biroq zamonaviy munosabatlar nisbatan betaraf holda yoritilgan.
Armaniston darsliklarida Rossiya agressor sifatida tasvirlanib, zo‘rlik bilan Sharqiy Armanistonni qo‘shib olgan davlat sifatida ko‘rsatilgan. Tarixiy voqealar, jumladan, Rus-Fors urushi, arman davlatchiligi uchun zararli bo‘lgan voqealar sifatida talqin qilinadi. Eslatib o‘tamiz, Rossiya arman darsliklaridagi keskin qoralovchi obrazni tanqid qilgan edi. Tanqidga javoban, arman hukumati darsliklarga o‘zgartirishlar kiritishga va’da bergan.
O‘zbekistonda Rossiya imperiyasi milliy o‘zlik va iqtisodiyotga zarar keltirgan zo‘ravon davlat sifatida tasvirlanadi. Darsliklarda mustamlakachilikning “progressiv” oqibatlari rad etilib, Rossiyaning mintaqadagi ishtirokining salbiy tomonlariga urg‘u berilgan.
Qirg‘iziston va Tojikiston darsliklarida Rossiyaning ta’siri ijobiyroq ko‘rsatiladi. SSSRga qo‘shilish iqtisodiy rivojlanishga va ko‘chmanchilikdan to‘xtashga yordam bergan deyiladi. Tojik tarixchilari Sovet hokimiyatining bosmachilikni yo‘q qilish va aholini himoya qilishdagi rolini e’tirof etgan.
Isroil darsliklarida Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi antisemitik davlatlar sifatida tasvirlanadi. SSSR va Isroil o‘rtasidagi ijobiy munosabatlar, ayniqsa, yahudiylarning davlati ta’sis etilgan davr e’tiborsiz qoldiriladi. Bu esa tarixiy voqealarga biryoqlama yondashuvni anglatadi.
Eron darsliklarida Rossiya ichki ishlarga aralashuvchi va o‘ziga qulay rejimni qo‘llab-quvvatlagan mamlakat sifatida talqin qilinadi. Rus-Fors urushlari milliy o‘zlikni yo‘qotish va mustaqillikdan mahrum bo‘lish ramzi sifatida ko‘rsatilgan.
Rossiya fanlar akademiyasi olimlari barcha darsliklarni o‘rganib, MDH va Yaqin Sharq mamlakatlari tarixiy kitoblarida Rossiyani kolonial davlat sifatida tasvirlangan, Rossiya siyosatining salbiy jihatlariga urg‘u berilgan, Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat shakllantirilgan, deb xulosa qilgan.
“RBK” jurnalistlari mazkur ilmiy tahlilga e’tibor qaratib, bunday voqealar talqini antikolonial kayfiyatlarni kuchaytirishi va kelajakda ushbu davlatlarning Rossiya bilan munosabatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, degan fikrga kelishgan va izoh so‘rab, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Rossiya fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlarga so‘rov yuborishganini ma’lum qilishgan.
Aslida esa, darsliklarda tarixning bunday talqin qilinishi umumiy rusofobiyani anglatmaydi, balki tarixiy kontekst va o‘tmishning tahlilidir, degan xulosa o‘rinli. Ammo so‘z sizga. Siz bu haqda nima deb o‘ylaysiz? Fikrlaringiz bilan izohlarda bo‘lishing!