
Rossiya Savdo-sanoat palatasi prezidenti Sergey Katirin “Gazeta.Ru”ga bergan intervyusida yaqin kelajakda Vetnam, Nepal va Bangladeshdan Rossiyaga mehnat muhojirlari oqimi kuchayishi mumkinligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari uzoq muddatli shartnomalar asosida kelishga tayyor ishchilarning katta guruhlarini shakllantirish imkoniyatiga ega. Bunday yo‘nalishlar Rossiya uchun jozibador bo‘lsa-da, muhojirlarni yollash va integratsiya qilishning shaffof mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhim. Shu bilan birga, Katirinning ta’kidlashicha, chet el ishchi kuchiga haddan tashqari ishonish avtomatlashtirish va samaradorlikni oshirishni sekinlashtirishi mumkin.
Mutaxassis Hindistondan migratsiyaning kuchayishini Rossiyada, xususan, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohasida, restoranlar, chakana savdo va tozalash kompaniyalarida ishchi kuchi yetishmasligi bilan bog‘ladi. Korxonalar uchun bu ishchi kuchi yetishmovchiligini to’ldirish va buyurtmalarni o’z vaqtida bajarish, ishchilar uchun esa pul ishlash imkoniyatini taqdim etadi: Rossiyada daromadlar migrantlar kelayotgan mamlakatlarga qaraganda taxminan bir yarim baravar yuqori.
Biroq, qiyinchiliklar ham bor. Bularga past va yarim malakali mehnat bozoridagi raqobat, shuningdek, ijtimoiy moslashuv masalalari kiradi. Til o‘rgatish, madaniyat integratsiyasini rivojlantirish, mehnat sharoitlari monitoringini olib borish zarur, dedi Savdo-sanoat palatasi rahbari.
Katirin 2026-yilda Hindistondan migratsiya o’sishini bashorat qilmoqda. Rossiya MDH davlatlaridan — O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’izistondan kelgan ishchi kuchiga tayanishda davom etadi. Biroq, ekspert ta’kidlaganidek, bu mamlakatlarning resurslari cheklangan: Turkiya va Yaqin Sharq ishchi kuchi uchun raqobat qilmoqda.
2025-yilda Rossiyaga hindistonlik mehnat muhojirlari oqimi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 25 foizga oshdi. Qurilish va xizmat ko’rsatish sohasida hindlarning o’rtacha ish haqi Hindistondan 60% yuqori. Ishchi kuchining keskin taqchilligi sababli ular uchun jami 234,9 ming nafar kvotadan 71,8 ming kishilik kvota ajratildi.