“Shoushenkdan qochish” filmidan ilhomlangan olti muhojir Lipetskdagi qamoqxonadan qochishni rejalashtirishdi. Ularning o‘ylaganlari kinodagi bilan aynan bir xil edi. Biroq yakunda ularni tutib olishdi va hibsdagi muddatiga yana bir necha yil qo‘shildi.
Lipetskda 2-sonli koloniyadan qochgan migrantlar ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Pravoberejniy tuman sudi 2024-yil oktabr oyida 30 metrlik yer osti tunneli qazib koloniyani tark etgan olti nafar mahbusga hukm chiqardi.
2024-yil 1-iyun kuni Davron Jabborov va Turg‘un Abdullaevlar Kovalev ko‘chasidagi umumiy rejim koloniyasida bo‘lib, qochish rejasini ishlab chiqishga kirishdilar. Ko‘p o‘tmay ularga Baxtiyor Jumaev, Xurshidbek G‘aniyev, Parvozbek To‘raboyev va Dilshod Arslonovlar ham qo‘shildi. Ularning besh nafar o‘zbekistonlik va biri Tojikiston fuqarosi bo‘lgan.
Iyundan iyulgacha mahbuslar yashirincha tunnel qazishdi. Buning uchun ular metall parchalari, quvur bo‘lagi, belkurak va kesish diski kabi ashyolardan foydalangan. Izlarni yashirish uchun qazish jarayonida qazib olingan tuproq sanoat zonasidagi ishlab chiqarish sexi hududiga sepilgan.
Tunnel uzunligi 30 metrdan oshgan. U koloniya qo‘riqlash panjarasi ostidan o‘tib, axloq tuzatish muassasasi chegarasidan tashqariga chiqqan. 2024-yil 25-oktabrda olti mahkum u orqali qochishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay qo‘lga olindi.
Sud qochishning barcha ishtirokchilarini Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 313-moddasi 2-qismi – «Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, ozodlikdan mahrum qilish joyidan qochish» bo’yicha aybdor deb topdi. Muqaddam o‘talmagan muddatlari hisobga olinib, mahkumlarga 4 yil 6 oydan 12 yil 6 oygacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ulardan 3 nafari qattiq tartibli koloniyada, ikki nafari umumiy rejimdagi koloniyada jazoni o‘taydi.
Bu ish so‘nggi yillarda mintaqadagi eng shov-shuvli holatlardan biriga aylandi.