Maqola

498 03/09/2024

Yaqinda Leningrad viloyatining Kudrovo shahrida tasvirga olingan video tarmoqda paydo bo‘ldi. Videoda ayol bolasi bilan o‘tirgan erkakka yaqinlashib, samokat uning farzandiga tegishli ekanini aytayotganini ko‘rish mumkin. Erkak rus tilida yaxshi gapira olmagani sababli samokat o‘g‘liniki ekanini tushuntirisha olmay qiynalgan. Ayolning savollariga esa hech qanday muammo yo‘qligini aytib, samokatni qaytarib bergan.

Rus ultrao‘ng kanallari va guruhlarida ushbu video muhojir rus bolakayning skuterini o‘g‘liga baxtli bolalik bag‘ishlash uchun tortib oldi, degan ta’rif bilan tarqaldi. Shundan keyin uzoq vaqt o‘tmay, Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin vaziyatga shaxsan aralashgani, ishni o‘z nazoratiga olgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Endi o‘zbekistonlik otaga nisbatan talon-taroj moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishmoqchi.

O‘znetda esa bu video umuman boshqacha ta’rif bilan tarqaldi. Muhojir muammo chiqmasligi uchun o‘g‘lining samokatini bosim ostida topshirgani yozilib, hamyurtimizning huquqiy holati va noinsoniy munosabatga urg‘u berilgan. Bundan tashqari, o‘zbekzabon foydalanuvchilar ayol tomonidan o‘zaro tushunishga emas, tahdidga asoslangan muloqot kuzatilganidan norozi bo‘lishgan.

Bolalar bilan bog‘liq mojaro chindan ham nazoratdan chiqib ketgan. Aslida vaziyatda hech qanday jiddiy muammo yo‘q. Rus tilini yaxshi bilmaydigan o‘zbekistonlik o‘z tilida samokat o‘g‘liniki ekanligini tushuntirishga harakat qilgan va uddalay olmagan.

Ikki bolakayning samokati haqiqatdan bir-biriga o‘xshash bo‘lganini tahmin qilish mumkin. Ayol o‘zbek tilini tushunmagani uchun erkak samokatni qaytarmoqchi emasligini o‘ylab, vaziyatga uchinchi shaxslarning aralashuvi kerakmi, deb tahdid qilgan. Erkak esa juda yomon darajadagi rus tilisida hech qanday muammo yo‘qligini aytib, o‘g‘lini samokatni qaytarishga ko‘ndirganini ko‘rish mumkin. Videoda erkak o‘g‘liga “Mayli, qaytaraylik, sovg‘a qilaylik, ular olsin, men senga yana boshqasini sotib olaman!”, deb farzandiga va’da berayotgani aniq eshitiladi.

Videoda bolalar mojarosi va tushunmovchilikdan boshqa narsani topish qiyin. Erkak va uning o‘g‘li soddalik tufayli oxirigacha samokat o‘zlariniki deb o‘ylashgan. Ayol esa o‘g‘lining samokatini osonlik bilan qaytargan. Ammo endi Tergov qo‘mitasi kabi butun bir davlat organi ushbu bolalar mojarosi bilan qanday shug‘ullanishi umuman noma’lum, biroq juda qiziq.

Muhojirlarga esa samokat tufayli bolalar maydonchasida jinoiy javobgarlikka tortilmaslik uchun rus tilini o‘rganishni maslahat beramiz, chunki Aleksandr Bastrikin endi bolalar mojarolarini ham e’tiborisiz qoldirmaydi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya