Maqola

755 26/05/2025

Qarshi shahrida yollanma askarlikda ayblanayotgan 20 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning fevral oyida yigit pul ishlash maqsadida Sankt-Peterburgga ketgan. U o‘sha yerda ishlagan, ammo ikki oy maoshini ololmay qarzga botib qolgan.
Tanishlari orqali uni Mitishchi shahridagi harbiy qismga — haydovchi va oshpazlikka ishga taklif qilishgan. Iyun oyida u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko’ra, u bir yil davomida harbiy xizmatni o’tashi va uning maoshi oyiga 195 ming rublni tashkil etishi kerak edi. Shuningdek, u Rossiya tomonida harbiy amaliyotlarda qatnashishga rozi bo‘lgan.

Shartnoma imzolangach, u Lugansk viloyatiga jo‘natilgan va u yerda ikki haftalik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Poligonda mashg‘ulot o‘tkazayotganda u harbiy dron portlashiga uchragan va o‘ng oyog‘idan yaralangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mondonlik tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmagan va davolanish xarajatlarini o‘z cho‘ntagidan 500 ming rubl to‘lagan.

Keyinroq u komandiridan davolanishni davom ettirish uchun 15 kunlik ta’til so‘ragan, ammo rad javobi berilgan. Keyin esa ruxsatsiz bo‘linmani tark etib, O‘zbekistonga qaytgan.

2025-yil fevral oyida uning o‘zi Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga kelib, qilmishiga iqror bo‘lgan. U Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi jangovar harakatlarda ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan.

Sud uni yollanma askarlik moddasi bo’yicha aybdor deb topib, uni 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.

 

«Amina» dasturi, registratsiya, reyestr, patent, «zapret» va «vidvoreniye» haqida suhbat

Navigatsiya