Rossiya prezidenti Vladimir Putin an’anaviy matbuot anjumani va to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot tadbirida muhojirlar haqida bildirgan fikrlari va asosiy tezislar:
— Rossiya uchun muhojirlar masalasi o‘ta nozik;
— Mehnat muhojirlari sonini kamaytirish uchun mehnat unumdorligini oshiruvchi va past malakali ishchi kuchini talab qilmaydigan texnologiyalardan foydalanish kerak;
— Rossiyaga kelmoqchi bo‘lgan muhojirlarni bu yerga kelishlaridan avval, ularning vatanlarida tayyorlashimiz kerak. Buning uchun rus tilidagi maktablar, loyihalar sonini oshirishimiz kerak. Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda mehnat muhojirlarini tayyorlashimiz, ularni madaniyat, Rossiya qonunlari bilan tanishtirishimiz lozim;
— Migratsiya bo‘yicha alohida idoraga ehtiyoj yo‘q. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya bo‘yicha faoliyatni kuchaytirish kerak. U yerga boshqa idoralar vakillarini ham jalb qilish kerak;
— Rus tilini bilmaydigan muhojirlar bolalarini maktablarga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni qo‘llab-quvvatlayman. Rus tilini bilmaydigan bolani rus maktabida qanday o‘qitish mumkin? Bu tushunarli. Bunday bolalar bilan alohida rus tilini o‘rgatib, shug‘ullanish kerak, faqat bu uchun kim haq to‘laydi, o‘rganish kerak.
— Muhojirlarning huquqlari kamsitilmasligi, ularning salomatlik, ijtimoiy ta’minot borasidagi huquqlari ta’minlanishi kerak. Biroq ushbu huquqlar ta’minoti mahalliy aholiga ortiqcha yuk bo‘lmasligi kerak. Bu borada savollar ko‘p. Hukumat bu masalaga ko‘proq e’tibor berishi lozim.