O‘q-dori yetkazish va Rossiya-Ukraina urushiga qo‘shin yuborish evaziga Shimoliy Koreya Rossiyadan yiliga 600−700 tonna guruch va kosmik texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini oladi, deb yozgan “Korea Herald” gazetasi. Shuningdek, Koreya yarim orolidagi ehtimoliy urushda Moskva Pxenyanga yordam berishi mumkin.
“Korea Herald” gazetasi Janubiy Koreyaning Rossiyadagi sobiq elchisining so‘zlariga tayanib, o‘q-dorilar yetkazib berish va Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etishga qo‘shin yuborish evaziga KXDR rasmiylari Moskvadan yiliga 600−700 tonna guruch va kosmik texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini olishini ma’lum qildi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya razvedka qo‘mitasidan ma’lumot olgan sobiq elchi Vi Son Lakning aytishicha, ilgari Moskva Pxenyanga yiliga 50 ming tonnadan 100 ming tonnagacha guruch yetkazib bergan, ammo endi yetkazib berish 600−700 ming tonnagacha oshiriladi.
Vi Son Lakning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya har yili 4 million tonnaga yaqin don ishlab chiqarishini ma’lum qiladi, ammo bu zarur bo‘lganidan taxminan 1 million tonnaga kam. Shunday qilib, Rossiyadan yetkazib berish Pxenyan uchun g‘alla tanqisligining yarmidan ko‘prog‘ini qoplashga yordam berishi mumkin.
Shimoliy Koreya rasmiylariga ko‘ra, Rossiya Pxenyanga ilg‘or kosmik texnologiyalarga ega yangi razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishga ham yordam bermoqda.
Biroq sobiq elchining so‘zlariga ko‘ra, Moskva bilan kelishuvning eng muhim qismi shundaki, agar Koreya yarimorolida urush boshlansa, Pxenyanga Rossiya harbiy yordam beradi.
“Shimoliy Koreyaning Rossiya tomonida jang qilishi hammaga ma’lum. Agar Koreya yarimorolida urush boshlansa, Shimoliy Koreya Rossiya yordamga kelishiga umid qilishi mumkin”, — deydi elchi.
Ukraina va G‘arb rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga yaqin vaqt ichida Rossiya-Ukraina urushiga borishi ehtimoli bo‘lgan 10 mingga yaqin harbiy xizmatchini yuborgan. Pxenyanning Rossiyaga katta miqdordagi artilleriya snaradlarini yetkazib bergani haqida ma’lumotlar ham bor.
Yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaga yuborilishini rad etmagandi va tomonlar imzolangan sheriklik shartnomasi doirasida o‘zlari xohlagan tarzda hamkorlik qilishini aytgandi.