
Endilikda, agar boshqa davlatdan kelgan talaba o‘qishni tugatsa yoki oliy o‘quv yurtidan haydalsa va uning mamlakatda qolish uchun boshqa asoslari bo‘lmasa, u maxsus ro‘yxatga – nazorat qilinadigan shaxslar reestriga kiritilishi mumkin. Bu haqda politsiya polkovnigi, Rossiya Ichki ishlar vazirligining viza va taklifnomalar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Yelena Klimova ma’lum qildgan.
Ushbu reestr Rossiyada 2025-yil 5-fevraldan kuchga kirdi. Unga mamlakatda qonuniy asoslarsiz bo‘lgan chet el fuqarolari kiradi. Agar talaba ushbu ro‘yxatga kirsa, uning ba’zi huquqlari cheklanishi mumkin: masalan, yashash joyini ruxsatsiz o‘zgartirishi, ro‘yxatdan o‘tgan hududdan chiqib ketishi, bankda hisob raqamlari ochishi, turmush qurishi, transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishi taqiqlanishi mumkin. Shuningdek, u mamlakatdan deportatsiya qilinishi ham mumkin.
Ta’lim muassasalari chet ellik talabalarning maqomi o‘zgarganligi, masalan, o‘qishdan chetlatilgani yoki o‘qishni tugatganligi to‘g‘risida uch kun ichida Ichki ishlar vazirligini xabardor qilishi shart.
Bugungi kunda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida 63 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Bu besh yil oldingiga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Ulardan qariyb 14 ming nafari Rossiya hukumati tomonidan ajratilgan kvotalar bo‘yicha bepul ta’lim oladi.
Agar siz Rossiyada chet ellik talaba bo’lsangiz, huquqiy muammolarni oldini olish uchun maqomingizni kuzatib borish va barcha kerakli hujjatlarni o’z vaqtida to’ldirish muhimdir.