Maqola

417 26/11/2024

Rossiya mehnat bozoridagi vaziyat tobora murakkablashmoqda. Rossiya ichki ishlar vazirligi kadrlar yetishmovchiligini qoplash maqsadida migrantlarga ishlash uchun ruxsatnoma berishni sezilarli darajada ko‘paytira boshladi. Ishchi kuchi yetishmasligi muammosi mamlakatdagi 73 foiz korxonalar faoliyatiga ta’sir qilgan.

«Novosibirsk onlayn» nashrining yozishicha, Novosibirsk viloyati Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri Yelena Baxareva mintaqadagi vakansiyalar soni rasmiy ishsizlar sonidan olti barobar ko‘pligini aytgan.

Yetishmovchilikning raqamlardagi ko‘rinishi

Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina Davlat dumasining plenar majlisida chiqishida, Markaziy bank so‘rovlari natijalariga ko‘ra, mamlakatdagi 73 foiz korxonalar hozirgi paytda kadrlar yetishmovchiligini his qilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishsizlik darajasi hozirda Rossiyada rekord darajada past bo‘lib, 2,4 foizni tashkil etmoqda. Kadrlar yetishmovchiligi mamlakatda ishlab chiqarishni cheklovchi asosiy omil bo‘lib qolgan.

Rossiya banki raisi keltirgan ma’lumotlarni Novosibirsk viloyati mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri Yelena Baxareva ham “TACC”ga bergan intervyusida tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda ochiq vakansiyalar soni rasmiy ishsizlar sonidan olti barobar ko‘p. «Bunaqasi hech qachon bo‘lmagan», — deydi Yelena Baxareva.

Qaysi sohalarda xodimlar yetishmaydi?

“Rosstat” ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil iyul-sentyabr oylarida Rossiya iqtisodiyotida ishlayotgan aholining umumiy soni 74 milliondan ortiq kishini tashkil etgan. Rossiya mehnat vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, «Rabota Rossii» davlat portalida hozirgi kunda 1,6 milliondan ortiq ochiq vakansiyalar mavjud. Ishchi kuchiga eng katta talab sanoat va ishlab chiqarish sohalarida kuzatilmoqda. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida ham xodimlarga katta ehtiyoj mavjud. «Asosan turli yo‘nalishdagi muhandislar, shifokorlar va tibbiyot hamshiralari, haydovchilar, tikuvchilar, ishlab chiqarish va xizmat xonalarini tozalovchi xodimlar, elektr-gaz payvandchilari, yuk ko‘taruvchilar, elektromontyorlar, yordamchi ishchilar talab qilinadi», — deb qayd etmoqda Rossiya mehnat vazirligi mutaxassislari. Masalan, Novosibirsk viloyatida 32 mingdan ortiq ish takliflari mavjud. Ishchilarga eng katta ehtiyoj sanoat, sog‘liqni saqlash, qurilish, savdo, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida saqlanib qolmoqda. Shuningdek, butun Rossiya shaharlaridagi kabi Novosibirskda ham elektr-gaz payvandchilari, montajchilar, tozalovchilar, betonchilar, armaturachilar va yordamchi ishchilarga talab katta.

Vaziyatni migrantlar qutqaradi

Kadrlar yetishmovchiligini hal qilish maqsadida Rossiya federal hukumati xorijdan ishchi kuchini jalb qilishni ko‘paytirmoqda. «Izvestiya» nashrining ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil boshidan buyon Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarga ishlash uchun 120,2 mingta ruxsatnoma bergan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 foizga ko‘p. Ishlash uchun ruxsatnoma viza talab qilinadigan davlatlardan kelgan muhojirlarga beriladi. Novosibirsk oblasti Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hukumat mehnat migrantlari uchun kvotalar sonini oshirgan. Shuning uchun mehnat migratsiyasi boshqarmalariga murojaatlar va ruxsatnoma berish amaliyoti sezilarli darajada ko‘paygan. Ruxsatnomalar asosan sabzavot yetishtirish mutaxassislari, tikuvchilar, montajchilar, kosiblar, armaturachilar va ekspeditorlarga berilgan.

Migrantlar bilan ham qiyinchiliklar bor

«Ximmetall» kompaniyalar guruhi bosh direktori Yevgeniy Gavrilovning aytishicha, qurilish bozorida kadrlar tanqisligi doimo mavjud bo‘lgan, lekin hozirgi paytda bu tanqislik yanada o‘tkirroq sezilmoqda. Bo‘sh vakansiyalarni to‘ldirish uchun hattoki xorijlik ishchilarni ham topish qiyin bo‘lib qolgan.

«Hozir migrantlarning ko‘pchiligi deportatsiya qilinyapti. Ilgari ularning ko‘pchiligi ruxsatsiz ishlagan bo‘lsa, hozir buni amalga oshirish juda qiyinlashgan», — deydi Gavrilov. Uning aytishicha, uning kompaniyasida xorijlik ishchilar sonini aniq hisoblash qiyin, ammo ba’zi ishlab chiqarish yo‘nalishlarida xorijlik ishchilar ulushi 30-40 foizgacha tashkil etishi mumkin. «Mening fikrimcha, kadrlar yetishmovchiligining asosiy sababi kasbning obro‘sizlanishi. Og‘ir jismoniy mehnat bugungi yoshlar uchun jozibali emas va yoshlar bunday ishlarda ishlashni xohlamaydi. Ishchi yetishmovchiligi pulga bog‘liq emas — malakali xodimlarning maoshi hozirda juda yaxshi. Masalan, prorablar yaxshi ustalardan ko‘ra kam ish haqi oladi», — deydi u. Tadbirkorning taxminiga ko‘ra, yaqin vaqt ichida Rossiyada qurilish bozori qisqarishi mumkin, bu esa kadrlar tanqisligini kamaytirishi tabiiy. «Hozir bozor tirikdan ko‘ra o‘likka yaqinroq. Bugungi sharoitda qurilish iqtisodiy jihatdan samarali emas. Men bozorning qisqarishini taxmin qilyapman — ko‘plab kompaniyalar inqirozga uchrashi mumkin», — deb xulosa qilgan Gavrilov.

Iqtisodiyot va sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish instituti katta ilmiy xodimi va Novosibirsk davlat universiteti dotsenti Olga Valiyeva barcha sohalardagi kadrlar tanqisligi va ishsizlik darajasining past bo‘lishida ham ijobiy, ham salbiy tomonlarni ko‘rmoqda. — Ijobiy tomonlardan biri shundaki, ishchi kuchi yetishmasligi tadbirkorlarni biznes jarayonlarini avtomatizatsiya qilishga, yangi texnologiyalarni joriy etishga va qo‘l mehnatini kamaytirishga undaydi. Shuningdek, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish uchun yashirin imkoniyatlarni aniqlashga yordam beradi. Menejment sifatini oshirish va ishlab chiqarish tizimlari samaradorligini oshirish haqida o‘ylash vaqti keldi, — deydi Olga Valiyeva.

Kadrlar tanqisligining iqtisodiyotga ta’siri

Biroq, kommunal xizmatlar, qurilish, transport va logistika sohalaridagi yirik kadrlar tanqisligi mamlakat va mintaqalarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. — Iqtisodchilarning baholashicha, faqat kadrlar yetishmovchiligidan kelib chiqqan yo‘qotishlar hududiy yalpi mahsulotning 0,5-1,5 foizini tashkil etishi mumkin. Bu esa hozir va istiqbolda Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, — deydi Valiyeva.

Migrantlarga ehtiyoj va demografik omillar

Moliyaviy tahlilchi va risk-menejerlar gildiyasi kuzatuv kengashi a’zosi Aleksandr Razuvayevning fikriga ko‘ra, kadrlar tanqisligi iqtisodiyotning o‘sishini ko‘rsatadi. Ammo kadrlar yetishmasligi xuddi shu vaqtda o‘sish o‘z chegarasiga yetganini ham anglatadi. — Bunday vaziyatda migrantlarni jalb qilishimizga to‘g‘ri keladi — ularsiz ilojimiz yo‘q. Bu 1990-yillar boshlaridagi demografik inqiroz natijasi. Hozir odamlar yetarli emas. Ammo mamlakatda so‘nggi yarim yil ichida migrantofobiya kuchayib bormoqda, — deydi Razuvayev.

Eng yomon ssenariy Razuvayevning aytishicha, ba’zilar yangi hududlardan keladigan mehnat resurslariga umid qilmoqda, ammo Rossiyaga qo‘shilgan yangi hududlar ham muammoni hal qila olmaydi. Shu bilan birga, mutaxassis Rossiya iqtisodiyoti «qizil zona»ga kirmasligini ham ishonch bilan ta’kidlaydi. — Muammo unchalik keskin emas. Agar barcha migrantlarni chiqarib yuborsak, bu zarba birinchi navbatda savdo tarmoqlariga ta’sir qiladi — ular esa narxlarni oshiradi. Agar eng yomon holatni tasavvur qilsak, inflyasiya biroz oshadi, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi esa biroz sekinlashadi, — deya xulosa qiladi Aleksandr Razuvayev.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya