Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) birgalikda JSSTning Yevropa mintaqasida qizamiq kasalligi bo‘yicha kasallanish holatlarini tahlil qildi. Mintaqa geografiyasiga tahlil uchun Rossiya, Turkiya, Isroil, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari ham kiritilgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2024-yilda qizamiq holatlari soni 127 352 tani tashkil etgan. Bu esa 1997-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘tgan yil bilan taqqoslaganda qizamiqdan kasallanganlar soni ikki barobarga oshgan. Eng ko‘p qizamiq yuqtirganlar holatlari Ruminiya va Qozog‘istonda qayd etilgan. Dunyo bo‘ylab qizamiqdan kasallanish holatlarining uchdan biri Yevropa mintaqasida aniqlangan.
Mutaxassislar, Ruminiya, shuningdek, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya va Shimoliy Makedoniyada emlashga yetarlicha e’tibor berilmayotganini ta’kidlashmoqda. Qizamiqqa qarshi emlanish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari Yevropadan ustunlik qilmoqda.