
Rossiya hukumati 2026 yilda chet elliklar uchun vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomalar (RVP) sonini kamaytirishga qaror qildi.
2025-yilda 5500 ta bunday ruxsatnoma berilgan bo‘lsa, endi atigi 3802 tagacha qisqaradi.
Bundan tashqari, zaxira kvotasi 2026-yilda 1140 ta bo‘ladi. Biroq oldingi yillarda bu ko‘rsatkich yuqori edi:
2025-yilda – 1650,
2024 yilda – 3178.
Qaysi mintaqalarda “RVP” ko‘proq beriladi?
Odatdagidek, eng katta kvotalar poytaxt viloyatlariga tegishli bo‘ladi:
Moskva – 500 ta (bu yilgidan ikki baravar kam),
Moskva viloyati – 250 (2025-yilda 350),
Sankt-Peterburg – 100 (bu yildan 2 marta kam).
Smolensk viloyati va Tuvada eng kichik kvotalar bo‘lib, ularning har biriga 5 ta ruxsatnoma beriladi.
Yamalo-Nenets avtonom okrugi bir oz ko‘proq, 7 ta ruxsatnomaga ega.
Nima sababdan qisqartirilmoqda?
Rossiya Ichki ishlar vazirligi (MVD) o‘tkazgan tekshiruvda hududlardagi kvotalar deyarli qo‘llanilmaganligini aniqladi. 2025-yilning yanvaridan iyuligacha ruxsatnomalarning atigi 17,5 foizi berilgan.
Buning asosiy sababi, ko‘plab nomzodlarning belgilangan talablarga javob bermaganligidir.
Qolaversa, har bir mintaqa iqtisodiyoti va migrantlar bilan vaziyatga qarab, qancha kvotalar kerakligini mustaqil belgilaydi.
“Vaqtinchalik yashash uchun ruxsat “RVP” kvotasi” nimani anglatadi?
Kvota – bu shunchaki chegara, ya’ni Rossiya chet elliklarga yashash uchun beriladigan ruxsatnomalarning cheklangan soni.
Bu migrantlar oqimini tartibga solish, ya’ni hududlarda hamma uchun yetarli uy-joy, ish va yashash sharoitlari bo‘lishini ta’minlash uchun amalga oshiriladi.
Ammo shuni bilish kerakki, “RVP” olishning kvotadan boshqa yo‘llari ham bor.
Masalan, turmush o‘rtog‘ingiz, farzandlaringiz, ota-onangiz yoki RSFSRda tug‘ilgan rossiyalik bo‘lsangiz.
Shuning uchun kvotani qisqartirish migrantlar “RVP” ololmaydi, degani emas.
Nima uchun bu muhim?
Kvotalar soni kamaygan bo‘lsa-da, Rossiyadagi muhojirlarning haqiqiy soniga unchalik ta’sir qilmaydi. MDH davlatlaridan kelgan xorijliklarning aksariyati bu yerda vizasiz yashaydi va ishlaydi — ular Rossiyada qonuniy qolish uchun kvotaga muhtoj emas.