Maqola

362 27/03/2025

30-iyundan boshlab Rossiyada migrantlar uchun maxsus raqamli profil joriy etiladi. Bu elektron identifikator bo‘lib, qog‘oz hujjatlar, jumladan, ish patentining o‘rnini bosadi. Biroq uni joriy etish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilishi kerak. Bu haqda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin ma’lum qildi.

Davlat Dumasida 2024-yilda hukumat tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot bergan Mishustin migratsiya masalasi murakkab va muhim ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, noqonuniy migrantlar muammosi mamlakat xavfsizligi va jamoat tartibi uchun jiddiy tahdid soladi.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, birinchi navbatda huquq-tartibot masalalarini hal qilish kerak. Shundan keyingina mehnat resurslari yetishmovchiligini bartaraf etish ustida ishlash mumkin.

Hozirgi paytda Rossiyada 640 mingga yaqin noqonuniy migrant rasman ro‘yxatga olingan. 2025-yil fevral oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi (MVD) mamlakatda noqonuniy yurgan chet el fuqarolari uchun maxsus reyestr yaratgan. Bu tizim ularning harakatini nazorat qilish va cheklovlar joriy etish imkonini beradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin MVDga 2025-yil uchun yangi migratsiya siyosati konsepsiyasini ishlab chiqishni topshirgan. Unda quyidagi choralar ko‘zda tutiladi:

– qog‘oz shaklidagi migratsiya kartalaridan voz kechish;

– chet el fuqarolari uchun elektron ro‘yxatdan o‘tish tizimiga o‘tish;

– noqonuniy migratsiyani nazorat qilishni kuchaytirish.

Shuningdek, Putin Rossiyada noqonuniy yurgan ukrainaliklar 2025-yil 10-sentyabrga qadar o‘z maqomini rasmiylashtirishi yoki mamlakatni tark etishi shartligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Donbass va Yangi Rossiya hududlarida yashovchi migrantlar 10-iyunga qadar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Ular VICH va narkotik moddalarga qaramlik bo‘yicha tekshiriladi. Kimki tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tsa, u Rossiyada qo‘shimcha ish ruxsatnomasiz va patentsiz ishlash huquqiga ega bo‘ladi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya