
Rossiyada nazoratdagi shaxslar reyestri ishga tushirilgandan beri xorijiy fuqarolarga nisbatan 688 mingdan ortiq tekshiruv o‘tkazilgan. Natijada 95 608 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan. Bu haqda Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qildi.
«Reyestr ishga tushganidan buyon fuqarolar va tashkilotlar Rossiya IIV hamda davlat xizmatlari onlayn-servislari orqali xorijiy fuqarolarga nisbatan 688 mingdan ortiq tekshiruv o‘tkazgan. Ularning 592 663 nafari mamlakatda qonuniy tarzda, 95 608 nafari esa noqonuniy ravishda yashamoqda», – deb yozgan Volk o‘zining Telegram-kanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ish beruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, jumladan, ta’lim sohasi vakillari, xorijiy fuqaroga xizmat ko‘rsatish yoki uni ishga qabul qilishdan avval uning huquqiy maqomi haqida ma’lumot bilan tanishib chiqishi lozim.
«Nazoratdagi shaxslar reyestriga kiritilgan shaxslarga xizmat ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan», – dedi Volk.
Shuningdek, u reyestrga kiritish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan xorijiy fuqarolar Rossiya IIV migratsiya bo‘limlari, FGUP «PVS» IIV Rossiya filiallari yoki Moskvadagi «Saxarovo» MMSga murojaat qilishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, FGUP «PVS» IIV Rossiyaning telefon xizmati orqali ma’lumot olish mumkin: 8-800-200-52-09.
Nazoratdagi shaxslar reyestri 5 fevraldan boshlab Rossiya IIV rasmiy sayti va davlat xizmatlari yagona portali bazasida ishlamoqda. Ushbu reyestrda Rossiyada qonuniy yashash asoslarini yo‘qotgan fuqarolar haqida ma’lumotlar saqlanadi. Bular orasida patent, mehnat ruxsati, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi yoki doimiy yashash guvohnomasisiz uch oydan ortiq vaqt davomida mamlakat hududida bo‘lib turgan shaxslar bor. Shuningdek, yuqoridagi hujjatlari bekor qilingan yoki huquqiy maqomi yo‘qotilgan shaxslar ham reyestrga kiritiladi. Bundan tashqari, sud hukmi kuchga kirgan, mamlakatdan chiqarib yuborish, deportatsiya qilish, mamlakatda bo‘lishning yoki kirishning nomaqbulligi haqida qaror qabul qilingan shaxslar ham mazkur ro‘yxatga kiritiladi.
Joriy yilning 30 apreliga qadar Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzgan har bir xorijiy fuqaro o‘z huquqiy maqomini tartibga solish uchun mahalliy IIV organiga yoki FGUP «ПВС» IIV Rossiya filialiga murojaat qilishi shart. Bunday shaxslarga nisbatan chiqarib yuborish, maxsus muassasalarga joylashtirish yoki kirishni taqiqlash choralari qo‘llanilmaydi.