Rossiyada apreldan boshlab muhojirlarga tegishli bo‘lgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Xorijda olingan haydovchilik guvohnomalari Rossiyada yaroqsiz bo’lib qoladi
1-aprelgacha chet elda berilgan haydovchilik guvohnomalari Rossiyanikiga almashtirilishi kerak. Mazkur tartib Rossiyadan boshqa davlatlarda haydovchilik guvohnamalarini olib, Rossiyada mashina boshqarayotgan xorijliklar, fuqaroligi yo’q shaxslar, 2024-yil 1-apreligacha Rossiya fuqaroligi, doimiy yashash ruxsatnomasi – “ВНЖ”ni olganlar, fuqarolikni olib, Rossiyaga 01.04.2024gacha kirib kelganlarga tegishli. Belarusda olingan haydovchilik guvohnamalari bundan istisno hisoblanadi.
Eslatib o’tamiz, Rossiya ma’muriy huquqbuzarlik kodeksining 12.7-moddasiga ko‘ra amaldagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo’lmagan haydovchilar transport vositasini boshqargani uchun 5 ming rubldan 15 ming rublgacha bo’lgan jarima bilan javobgarlikka tortiladi.
Mehnat migrantlarining bolalari Rossiya maktablariga kirish uchun rus tilidan imtihon topshirishlari kerak
2025-yil 1-apreldan boshlab, muhojirlarning bolalari Rossiyada maktabga kirish uchun avval Rossiya hududida qonuniy yurganlari haqida hujjat taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng hujjatlar qabul qilingach, rus tilidan imtihon topshirishlari talab qilinadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o’tish uchun kamida 3 ball yig‘ish kerak. Imtihon test shaklida 80 daqiqa davomida olib boriladi. Imtihon savollarining murakkabligi sinflarga qarab tavsiflanishi belgilangan – masalan, birinchi sinf o’quvchilari rus tilida eshitish va gapirish ko’nikmalarini, shuningdek, leksika va grammatikani bilishlarini ko’rsatishlari kerak. Ikkinchi sinf o’quvchilari esa o’qish va yozish ko’nikmalarini namoyish etishlari lozim.
Apreldan boshlab, birinchi sinfga qabul qilish boshlanadi
Rossiya maktablarida 1-apreldan boshlab birinchi sinfga qabul boshlanadi. Birinchi sinfga qabulning birinchi bosqichi 30-iyungacha davom etadi. Ushbu davrda yashash joyi bo’yicha maktabga qabul uchun ariza berish mumkin. 6-iyuldan yashash joyi va imtiyozlaridan qat’iy nazar faqat bo’sh o’rinlari qolgan maktablarda qabul olib boriladi.Maktabga joylashtirish uchun arizani davlat xizmatlari portali – «Госуслуги» orqali, shuningdek, maktabga shaxsan olib borib topshirish mumkin.
Eslatib o’tamiz, «Госуслуги»da birinchi sinfga qabul qilishlarini so‘rab tuzilgan arizaning qoralamasini oldindan tayyorlab qo’yish mumkin. Qabul boshlanganda, arizani yuborish qoladi xolos. Oldindan arizani tayyorlab, qabul boshlanganda darrov yuborish ota-onalarga juda katta yordam beradi. Chunki arizalar kelib tushgan ketma-ketligi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Abonentlar uchun SIM-kartalar soni cheklanadi
1-apreldan boshlab, Rossiya fuqarolari umumiy holda 20 tagacha sim-karta olishlari mumkin xolos. Muhojirlar 10 tagacha sim-karta olishi mumkin. Nechta raqam mavjudligini davlat xizmatlari portali – «Госуслуги»da tekshirish mumkin bo’ladi. Zarur bo’lganda, «Госуслуги»da keraksiz sim-kartalarning xizmatini to’xtatish mumkin. Apreldan boshlab, aloqa operatorlari abonent va korporativ foydalanuvchilar to’g’risidagi ma’lumotlarning to’g’riligini tekshirishlari shart bo’ladi.
Chet elga pul o’tkazmalarini amalga oshirish uchun cheklovlar uzaytiriladi
Rossiyaliklar va do’stona mamlakatlardan kelgan muhojirlar xorijga bir oyda 10 ming AQSh dollarigacha yoki shu raqamga teng pullarni o‘tkazishi mumkinligi haqida cheklov 2025-yil 30-sentabrigacha uzaytirildi.