1-yanvardan 8-yanvargacha ishlaganlarga har bir soat uchun ikki barobar haq to‘lanishi kerak, deb xabar berdi “РИА Новости” аgentligi.
Agentlik Davlat Dumasi deputati Sergey Gavrilovning so‘zlariga tayanib, Rossiyada bayram kunlari ishlayotgan barcha, jumladan muhojirlar ham ikki barobar haq olishlari kerakligini eslatgan.
«Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi bu masalani aniq tartibga solishini tushunish kerak. Mehnat kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, yanvar oyidagi dam olish bayram kunlari 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7 va 8-yanvar hisoblanadi. Xodim qaysi turdagi mehnat haqi tizimida bo‘lmasin ushbu kunlarda ishlagani uchun oshirilgan stavka bo‘yicha maosh to‘lanishi kerak. Agar xodim ushbu kunlarda ishlasa, unga har bir ishlagan soati uchun ikki barobar haq to‘lanishi lozim», – degan Gavrilov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oylik maosh oladigan xodimlar agar bayram kunlaridagi ish vaqti oylik ish soati normasidan oshib ketsa, oylikdan tashqari qo‘shimcha soat yoki kunlar uchun ikki barobar miqdorda pul olishlari kerak. Deputat qayd etishicha, agar ish oylik yuklama normasi doirasida bo‘lsa maosh oddiy stavka bo‘yicha, ortiqcha haqsiz to‘lanadi.
«Smena usulida ishlaydigan xodimlar uchun bayram kunlari ish haqi ikki barobar stavka bo‘yicha to‘lanishi kerak. Soatbay ish haqi oladiganlar ham kamida ikki barobar soatlik stavka olishlari kerak. Agar ish smenasi qisman bayram kuniga to‘g‘ri kelsa ham, oshirilgan to‘lov faqat bayram kuniga to‘g‘ri kelgan soatlarga nisbatan qo‘llanadi», – deydi parlamentariy.
Gavrilov shuningdek, qonunchilik muqobil variantni ham nazarda tutishini eslatib o‘tgan. Agar xodim ikki barobar to‘lov o‘rniga qo‘shimcha dam olish kuni olishni afzal ko‘rsa, ish beruvchi bilan kelishuv asosida dam olish kuni taqdim etiladi. Ammo bu holda bayram kunidagi ish oddiy stavka bo‘yicha to‘lanadi, dam olish kuni esa haq to‘lanmaydi.
«Agar ish beruvchi bayram kuni ikki barobar haq to‘lash majburiyatini bajarmasa, xodim mehnat inspeksiyasiga yoki prokuraturaga murojaat qilish huquqiga ega. Bunday qonunbuzarliklar tufayli tashkilot va uning rahbarlariga ma’muriy jarimalar qo‘llanishi mumkin. Shu sababli, qonunchilikka rioya qiladigan barcha ish beruvchilar yanvar bayramlari uchun to‘lovlarni to‘g‘ri hisoblashga harakat qiladi», – deb ta’kidlaydi deputat.