Rossiya parlamenti — “Государственная Дума” migrantlarning rossiyaliklar bilan tuzadigan soxta nikohlariga qarshi kurashishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Qonun hali kuchga kirmagan. Qonunni Federatsiya Kengashi ma’qullamagan va Rossiya prezidenti imzolamagan. Ammo, bu jarayon tez orada sodir bo‘lishini inobatga olib, qonun haqidagi ma’lum tafsilotlarni keltiramiz.
Rossiya parlamentning quyi palatasi raisi Vyacheslav Volodin o‘zining Telegram-kanalida 15-oktabr kuni Davlat Dumasi (Госдума)ning deputatlari Rossiyada qonuniy maqom olish maqsadida muhojirlar bilan rossiyaliklar o‘rtasida tuziladigan soxta nikohlarga qarshi qaratilgan qonun loyihasini uchinchi, yakuniy o‘qishda qabul qilgani haqida xabar berdi.
Spiker qaror bir ovozdan qabul qilinganini ta’kidlagan.
«Endi nikoh tuzilganidan yoki farzand asrab olinganidan kamida 3 yil o‘tib, kvotasiz vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini (РВП) yoki doimiy yashash guvohnomasini (ВНЖ) olish mumkin bo‘ladi», — deb yozdi Volodin.
Shuningdek, Davlat Dumasi raisining qo‘shimcha qilishicha, qonun loyihasida аgar nikoh soxta deb topilsa, xorijiy fuqaroga berilgan vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini (РВП) bekor qilish ham ko‘zda tutilgan. Xuddi shunday chora muhojirlar Rossiya fuqarosi bo’lgan farzandlarga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilinsa ham qo‘llaniladi. Ya’ni ota-onalik huquqidan mahrum qilingan muhojirlarning «РВП»si ham bekor qilinadi.