162 25/06/2024

16 yildan ortiq vaqt mobaynida Moskvada yashadim. So‘nggi paytlarda O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari juda yuqori darajaga ko‘tarildi. Ko‘plab sohalarda Rossiyadan na’muna olyapmiz. Qonunlarimiz ham bir-biriga yaqin. Biz ulardan o‘rnak olsak arziydigan yana bir soha bu diniy ta’lim.

Rossiya Federatsiyasi “Vijdon erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risida” gi ((Федеральный закон от 26.09.1997 N 125-ФЗ “О свободе совести и о религиозных объединениях”) qonunining 5-moddasi diniy ta’lim haqida.
Unga ko‘ra:

  • Har kim o‘zi tanlagan diniy ta’limni yakka tartibda yoki boshqalar bilan birgalikda olish huquqiga ega;
  • Diniy tashkilotlar o‘z nizomlariga va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq ta’lim muassasalarini yaratish huquqiga ega;
  • Ota-onalar yoki vasiylarning yozma iltimosiga ko‘ra va bolalar roziligi bilan davlat yoki shahar ta’lim muassasalari, ushbu ta’lim tashkiloti kollegial boshqaruv organi qarori asosida, diniy birlashmaga ta’lim dasturidan tashqarida bolalarga dinni o‘rgatish imkoniyati berishi mumkin;
  • Diniy birlashmalar ichki nizomlari bilan belgilangan shakllarda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida belgilangan tartibda diniy ta’lim va o‘z izdoshlarining diniy ta’limini amalga oshirish huquqiga ega;
  • Dinni o‘rgatish va diniy tarbiya ta’lim faoliyati hisoblanmaydi.

Bizdagi qonunga ham aynan shunday modda kerak.

Diniy ta’lim berish uchun 10 ta doimiy yashovchi fuqaro birlashib, diniy jamoat tashkiloti tuzishi (МРОМ – местная религиозная организация мусульман) va tashkilot nizomida diniy ta’lim va tarbiya berishni ko‘rsatib o‘tishi, hamda tashkilotni adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazishi kifoya. Bunday ta’lim berish uchun ta’lim vazirligi, muftiyat yoki boshqa bir organlardan ruxsat yoki lisenziya talab qilinmaydi. Ta’lim dasturini biror joy bilan muvofiqlashtirish ham shart emas.

Yandeks xarita birgina Moskva shahrida pravoslav diniga oid 172 ta yakshanba maktablari (воскресная школа) borligini ko‘rsatdi. Ularda bolalar 1,5 yoshdan diniy ta’lim va tarbiya olishlari mumkin.

Barcha masjidlar qoshida madrasalar tashkil qilingan bo‘lib, ularda yosh bolalar, ayollar va kattalar uchun diniy ta’lim darslari mavjud. Undan tashqari, o‘nlab MROM lar tomonidan pullik va bepul kurslar tashkil qilingan. Moskva shahrining o‘zida “ДАР”, “Седьмое поколение”, “Shayx Muhammmad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Imom Buxoriy” nomidagi madrasalar, “Oysha” ayollar klubi va o‘z ichiga musulmon bolalar uchun bog‘cha, maktab va madrasani qamrab olgan “Risolat” diniy birlashmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2010-yildan boshlab Rossiya umumta’lim maktablarining 4 va 5 – sinflarida “Diniy madaniyat va dunyoviy etika asoslari”(Основы религиозных культур и светской этики) kursi o‘tilishi yo‘lga qo‘yilgan. Kurs quyidagi 6 moduldan iborat:

  • Pravoslav madaniyati asoslari;
  • Islom madaniyati asoslari;
  • Buddizm madaniyati asoslari;
  • Iudaizm madaniyati asoslari;
  • Jahon dinlari madaniyati tarixi;
  • Dunyoviy etika asoslari.

O‘quvchi ota-onasining tanlovi asosida yuqoridagi modullardan biri bo‘yicha dars oladi. Darslar diniy tashkilotlar xodimlari emas, maktab pedagoglari tomonidan o‘tiladi. Hujjatlarda yozilishicha, kursning asosiy maqsadi – o‘quvchilarda din jahon madaniyatining eng muhim tarkibiy qismi ekanligi haqidagi tushunchani shakllantirish, ularda tolerantlikni tarbiyalash, o‘z-o‘zini aniqlash va dunyoqarashni ongli tanlash qobiliyatini rivojlantirish.

Ko‘rib turganingizdek, diniy ta’limdagi shuncha erkinliklar, yosh bolalarning masjidga bemalol borishlari yoki diniy ta’lim olishlari oqibatida Rossiyada estremizm yoki boshqa salbiy holatlar ko‘payib ketgani yo‘q. Biz ham mutasaddilardan bu sohada jahon tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonga ham tadbiq qilishlarini so‘rab qolamiz.

👤 Botirjon Shermuhammad

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya