
Yanvar oyida yog’gan kuchli qor katta muammoni ochib berdi: ko’plab shaharlarda hovlilar va ko’chalarni tozalaydigan odam yo’q. Boshqaruv kompaniyalari ko’cha tozalovchilarini ular taklif qiladigan narxlarda topish tobora qiyinlashib borayotganidan shikoyat qilmoqda.
Ilgari bu turdagi ish ko’pincha migrantlar tomonidan bajarilardi. Ammo hozir ko’pchilik migrantlar bunaqa ishlarda ishlashni istamayapti. Sababi oddiy: qishda og’ir jismoniy mehnat va ish haqining pastligi. Masalan, Moskvada ko’cha tozalovchi oyiga o’rtacha 56 000 rubl maosh oladi. Kuryerlar 120 000–200 000 rubl, ba’zan undan ham ko’proq pul topishlari mumkin. Farq juda katta.
Sankt-Peterburg rasmiylari ilgari taksi va yetkazib berish xizmatlarida ishlagan migrantlarga kommunal xizmatlarga o’tish imkoniyatini taklif qilish orqali muammoni hal qilishga harakat qildi. Ammo deyarli hech kim bu ishlarga rozi bo’lmadi. Odamlar osonroq va daromadliroq ishni tashlab mashaqqatli qor tozalovchilik qilmaydi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uy-joy kommunal xizmatlari sohasida uzoq vaqtdan beri mablag’ yetishmayapti va ish sharoitlari og’irligicha qolmoqda. Shuning uchun migrantlar boshqa kasblarni tanlashadi yoki “dostavka” yoki taksi xizmatlari cheklanmagan mintaqalarda ishlashlari mumkin.