165 26/12/2025

Rosssiyaga borish, u yerda bo‘lish va qaytishda kerak bo‘ladigan barcha onlayn va oflayn xizmatlar, mobil dasturlar va axborot-media resurlardan foydalanishni bilish sizga ko‘p yordam beradi. Shuning uchun biz ham sizga asqatadigan foydali ilovalar va xizmatlar haqida ma’lumot bermoqchimiz:

Arzon chipta sotib olish uchun aviakompaniyalar saytlaridan foydalaning. Misol uchun https://www.uzairways.com/uz saytida aviabiletni 3% chegirma bilan onlayn tarzda sotib olish mumkin. https://www.aviasales.uz/, https://travel.yandex.ru/avia/ va https://www.tutu.ru/ kabi chiptalar agregatorlarlari orqali barcha kompaniyalar narxlarini solishtirib, eng arzon chiptani sotib olish mumkin.

O‘zbekiston yagona identifikatsiya tizimi bo‘lmish ONE ID dan ro‘yxatdan o‘ting va my.gov.uz saytidan davlat xizmatlarini olishni o‘rganib oling. Bu sizga Rossiyada turib ham ko‘plab davlat xizmatlaridan onlayn ravishda foydalanish, tegishli ma’lumotnomalarni olish va bank xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi;

Xorijdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish va ular bo‘yicha konkurslarda qatnashish uchun ariza qoldirish, Migratsiya agentligiga yordam so‘rab ariza qoldirish, kasb-hunar va chet tillariga o‘qish uchun ariza qoldirish yoki bepul maslahat olish uchun https://xorijdaish.uz saytidan foydalaning.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining https://consulate.mfa.uz/ saytidagi interaktiv xizmatlar oqali pasport yo‘qolgan, muddati tugagan yoki yaroqsiz holga kelganda O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish uchun ariza topshirish va elchixonadan xorijga chiqish pasportini olish uchun anketa topshirish kabi ishlarni amalga oshirish mumkin.

Rossiya davlat xizmatlari sayti https://gosuslugi.ru/ dan foydalanishni albatta o‘rganing. Sayt orqali har qanday jarima haqida ma’lumot olib turish va uni onlayn to‘lash, sud va boshqa organlardan chaqiruv va boshqa xatlarni olish, “Registratsiya” uchun onlayn hujjat topshirish va rasmiylashtirish, Ishga joylashgani haqida shartnoma nusxasi va “uvedomleniye” ni onlayn topshirish va bu haqda ma’lumotnoma olish; har qanday davlat tashkilotiga arizalar yuborish va boshqalarni amalga oshirish mumkin.

Moskva shahri va viloyatida migratsiya ro‘yxatidan o‘tish uchun “Amina” ilovasidan foydalanish kerak bo‘ladi.

Rossiyada davlat tashkilotlari saytlarida muhojirlar uchun foydali onlayn xizmatlar mavjud. Misol uchun, Rossiya ichki ishlar vazirligi saytida https://xn--b1afk4ade4e.xn--b1ab2a0a.xn--b1aew.xn--p1ai/?sid=3000 Rossiyaga kirishga qo‘yilgan taqiq mavjudligi va patent haqiqiyligini tekshirish mumkin, https://mc.mos.ru/ saytida Moskva shahrida rasmiylashtirilayotgan patent tayyorligini tekshirish, patent to‘lovini amalga oshirish va u uchun kvitansiya to‘ldirish mumkin, https://service.nalog.ru/inn.html saytida INN raqamini aniqlash mumkin, https://fssp.gov.ru/iss/ip saytida esa sud qarori asosida qarzdorlik mavjudligini tekshirish mumkin.

Rossiyadagi banklar saytlari va mobil dasturlari orqali patent to‘lovi va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Bu dam olish kunlari patent to‘lovi muddatini o‘tkazib yubormaslik imkonini beradi;

Pul o‘tkazish tizimlari va xizmatlarining saytlari va mobil dasturlari orqali O‘zbekiston bank kartalariga pul yuborish yoki bankdan naqd pul olish imkoni mavjud;

Rossiyada mashxur https://hh.ru/, https://www.superjob.ru, https://avito.ru/ kabi bo‘sh ish o‘rinlari e’lonlari platformalaridan foydalanib, ish topish mumkin;

https://www.cian.ru/, https://www.avito.ru/ va https://realty.ya.ru/ kabi servislar orqali esa uyni ijaraga olish mumkin;

Yandeks.karti va Google Maps ilovalari orqali Rossiya shaharlarida yo‘nalish topish, avtobuslar jadvalini ko‘rish va manzilga yetib borish ancha yengil bo‘ladi. Taksidan foydalanish uchun esa Yandex Go ilovasi juda qulay.

Favqulodda vaziyatlarda 112 yagona raqami mavjud bo‘lib, u orqali tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va qutqaruv xizmati, politsiya, gaz tarmog‘i avariya xizmati va “Antiterror” xizmatlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Rus tilini Migratsiya agentligining Youtube kanaliga joylangan rus tili darslaridan yoki Ibrat Academy mobil dasturidan o‘ranishingiz mumkin.

Migratsiya bo‘yicha xabarlarni Migratsiya agentligi telegram kanali https://migrant.uz/uz/ kabi migrantlar uchun foydali axborot saytlarida kuzatib borishingiz mumkin;

Xulosa qilib aytganda, smartfon va zamonaviy oynlayn servislar — sizning yordamchingiz. To‘g‘ri foydalanilsa, ular sizning vaqt va pulingizni tejaydi, hayotingizni osonlashtiradi va himoya qiladi. Texnologiyadan oqilona foydalaning!

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya