285 11/10/2025

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil sentyabr oyida dunyoda mol go‘shtining bir kilogrammi 6,9 dollarga (taxminan 565 rublga) yetdi. Bu 1960 yildan beri kuzatilmagan rekord darajadir. So‘nggi bir yil ichida go‘sht narxi 10 foizga qimmatladi va bu ketma-ket to‘rtinchi oydagi o‘sishdir. Asosiy sabablar sifatida AQSH va Xitoy bozorlaridan kuchli talab ko‘rsatilmoqda.

2024 yilda AQSHdagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli qoramollar soni keskin kamaydi va mamlakat go‘sht importini ko‘paytirishga majbur bo‘ldi. Xitoyda ham mol go‘shti iste’moli ortib, kishi boshiga yiliga o‘rtacha 7 kilogrammni tashkil etmoqda. Rossiyada bu ko‘rsatkich 14 kilogrammga teng, ammo narxlar oshgani sari mol go‘shti ko‘pchilik uchun tobora imkonsiz mahsulotga aylanmoqda.

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida suyaksiz mol go‘shtining bir kilogrammi 895 rublga yetgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 16,9 foiz ko‘p. Suyakli go‘sht esa 15 foizga qimmatlab, 644 rublni tashkil etdi. Oktyabr boshida o‘rtacha narx 747 rublga teng bo‘ldi. Solishtirish uchun, tovuq go‘shti 227 rubl, cho‘chqa go‘shti esa taxminan 485 rubldan sotilmoqda.

Muttaxassislar fikricha, Rossiyada mol go‘shti narxi yil oxirigacha yana 12–15 foizga oshishi mumkin.

Milliy go‘sht assosiatsiyasi rahbari Sergey Yushinning ta’kidlashicha, narxlarning o‘sishi nafaqat xalqaro omillar, balki ichki muammolar bilan ham bog‘liq. Rossiyada qoramollar soni yil sayin kamaymoqda. Buqa va sigirlarni boqish xarajatlari ortib bormoqda, chunki go‘sht uchun molni yetishtirish jarayoni 18 oydan 30 oygacha vaqt talab qiladi. Shu bilan birga fermerlar yuqori foizli kreditlar olishga majbur, yem-xashak esa qimmatlashmoqda.

Yevropada esa fermerlar ekologik cheklovlar tufayli qoramollar sonini qisqartirmoqda. “Yashillar” harakati sigirlarni issiqxona gazlarining asosiy manbasi deb hisoblaydi. Bu dunyoda mol go‘shti ta’minotini qisqartib, narxlarni yanada oshirmoqda.

Rossiyada ham chorvachilik tizimi o‘zgargan. Ilgari go‘sht-sut xo‘jaliklari hukmron bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ular asosan sut yetishtirishga ixtisoslashmoqda, chunki bu iqtisodiy jihatdan foydaliroq. Eski fermalar yopilayotir, kam mahsuldor sigirlar yo‘qotilayotir, natijada yangi buzoqlar soni kamaymoqda.

Rossiya mol go‘shtining faqat 15 foizini import orqali oladi (taxminan 330 ming tonna), shundan 35 foizi Belarusdan keladi. Shu sababli narx oshishi ichki bozordagi barcha iste’molchilarga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda Rossiyada mol go‘shti ko‘pchilik uchun “tansiq taom”ga aylanib, odamlar arzonroq bo‘lgan cho‘chqa va tovuq go‘shtiga o‘tmoqda.

 

Pul yuborish uchun yangi servis

Navigatsiya