111 24/12/2025

“Rossiyada muhojir ehtiyotsizlik oqibatida 3-qavatdan quladi”. “Rostovda muhojir syexda qo‘lidan ayrildi”. Bu kabi xunuk xabarlarni, afsuski, tez-tez o‘qib turamiz. Buning asosiy sababi odamlarning xavfsizlik texnikasiga amal qilmasligi.

Xavfsizlik texnikasi bu hayotingiz va sog‘lig‘ingiz bilan bog‘liq tartib-qoida. Unga amal qilmaslik – eng katta xato!

Rossiyada mehnat muhofazasi “Mehnat kodeksi” va tegishli sohaviy normativlar bilan tartibga solinadi. Ish joyingiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, siz ishni boshlashdan avval yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmalari, ya’ni instruktaj olishga haqlisiz va majbursiz.

Masalan, siz qurilishda ishlayotgan bo‘lsangiz, balandlikda ishlash qoidalari, himoya vositalaridan foydalanish, elektr jihozlari bilan muomala kabi xavfsizlik choralarini bilishingiz shart.

-ishxonangiz tomonidan belgilangan havfsizlik qoidalariga ham ish joyida jiddiy amal qiling;

ushbu qoidalarga hayotingizda faqat bir marta amal qilmasligingiz bir umr tuzatib bo‘lmaydigan ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin;

– ish sohasi va ish turiga qarab shaxsiy himoya kiyimlari, vositalari va anjomlari ish beruvchi tomonidan sizga ta’minlanishi kerak.

Agar ish joyida xavfsizlik qoidalari buzilayotgan bo‘lsa yoki sizga mos kelmaydigan ishni bajarish buyurilsa, siz bu ishni rad etishingiz mumkin. Ish beruvchi bunga javoban sizni jazolashga haqli emas.

Baxtsiz hodisa yuz bersa, darhol rahbariyatga, kasaba uyushmasiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bering. Rossiyada favqulodda xizmatlar uchun 112 tezkor raqami doim ishlab turadi.

Tibbiy yordamga murojaat qilishdan tortinmang!

– sog‘lig‘ingiz yomonlashganida yoki jarohat olganingizda chidab yurmang, shifokorga uchrang. Agar kasalxonaga o‘zingiz borolmasangiz, 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, tez tibbiy yordamni chaqiring. Tez tibbiy yordam barcha uchun bepul.

Rossiyada chet el fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish qoidalari quyidagilardan iborat:
– Hayotga tahdid soluvchi o‘tkir kasalliklar yoki holatlarda shoshilinch tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi.
– Baxtsiz hodisalar, jarohatlar, zaharlanishlar va boshqa shoshilinch holatlarda tez yordam — davlat va munisipal tibbiy muassasalarda bepul, xususiy muassasalarda pullik.
– Sil, ya’ni tuberkulyoz kabi jamiyat uchun xavfli kasalliklar bilan kasallanganda tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi.
– Qolgan barcha tibbiy yordam turlari shartnomalar yoki tibbiy sug‘urta polislari bo‘yicha pullik ko‘rsatiladi.

Patent olishda DMS, ya’ni qo‘shimcha tibbiy sug‘urta polisi rasmiylashtiriladi. Polis hujjatida qanday kasalliklarni qoplashi haqida ma’lumot yozilgan bo‘ladi. Lekin, bunday polis ko‘plab holatlarda tibbiy xizmatlar xarajatini qoplamaydi.

Har bir davlat shifoxonasi yoki poliklinikasida pullik tibbiy xizmat olish imkoni mavjud. Rossiyada tibbiy xizmatlar qimmatligini hisobga olib, ketishdan oldin profilaktik tibbiy tekshiruv va kerakli muolajalarni olish tavsiya qilinadi.

Agar ish vaqtida sog‘lig‘ingizga zarar yetgudek bo‘lsa:
Vaqtincha mehnatga yaroqsizlik nafaqasini olishga,
Tibbiy xizmatdan foydalanishga,
Ish beruvchidan tovon talab qilishga haqlisiz.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, xavfsizlik texnikasi — bu faqat quruq gap emas, balki hayotingiz garovi. Sog‘lig‘ingiz esa sizning eng katta boyligingiz. O‘zingizni asrang!

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya